Jahon | 22:49 / 09.08.2023
15677
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni Isroilni tan olishi mumkin - OAV 

AQSh va Saudiya Arabistoni bu haqda kelishuvga erishgani aytilmoqda. Vashington buni rasman tan olmadi. 

Foto: AFP via Getty Images

The Wall Street Journal nashrining ta’kidlashicha, AQSh va Saudiya Arabistoni qirollikning Isroil bilan munosabatlarini normallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishgan. 

Qayd qilinishicha, kelishuv Saudiya Arabistoni tomonidan Isroil davlatining tan olinishini nazarda tutadi. Buning evaziga «falastinliklarga imtiyozlar, AQSh tomonidan xavfsizlik kafolatlari berilishi va fuqaroviy yadro dasturida yordam ko‘rsatilishi» kerak. 

O‘z navbatida, Jo Bayden ma’muriyati Saudiya Arabistoni tomonidan ham bir necha shartlarning bajarilishini kutmoqda. Jumladan, Xitoy bilan aloqalarni rivojlantirmaslik, iqtisodiy va harbiy jihatdan Xitoydan uzoqlashish, o‘z hududida Xitoy harbiy bazalarini qurmaslikka kafolat berish, Xitoyning Huawei kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan texnologiyalardan foydalanishni cheklash, shuningdek, neft bitimlarida yuan emas, AQSh dollaridan foydalanish. 

Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon «kelishuvga erishishga jiddiy bel bog‘lagan», biroq BAA va Bahrayn 2020 yilda qilganidek, Isroil bilan to‘liq diplomatik aloqalar o‘rnatishga tayyor emas. Ayniqsa, Tel-Avivdagi mustaqil Falastin davlatini barpo etishga mutlaqo qarshi bo‘lgan hozirgi koalitsion hukumat davrida. 

Avvalroq, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Saudiya Arabistoni bilan tinchlik kelishuviga erishish, shuningdek, Ar-Riyod bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish niyati borligi haqida aytgan edi. Shu bilan birga, u davlatlar hatto rasmiy kelishuv bo‘lmasa ham iqtisodiyot sohasida hamkorlik qilishi mumkinligini ta’kidladi. 

O‘z navbatida, Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish jarayonining asoslarini belgilovchi kelishuv haligacha yo‘qligini aytdi.

«Yakuniy xulosaga kelishdan oldin hali muhokama qilinadigan ko‘p narsa bor», dedi u va Jo Bayden yil oxirida Netanyaxu bilan uchrashishini qo‘shimcha qildi. 

Mavzuga oid