Jahon | 18:38 / 09.08.2023
6085
2 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev Qozog‘istonda yangi iqtisodiy modelga o‘tish zarurligini ma’lum qildi

«Xalq bizdan aniq qarorlar kutmoqda, chunki eng dolzarb masalalarni hal qilish kerak», dedi prezident.

Foto: Akorda

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev yangi iqtisodiy modelga o‘tish zarurligini ma’lum qildi.

«Biz butunlay yangi yo‘lga o‘tish uchun Qozog‘istonning iqtisodiy rivojlanishiga juda jiddiy turtki berishimiz kerak. Hozir hal qiluvchi tarixiy lahza yaqinlashmoqda va Qozog‘iston iqtisodiyoti hozir qanday holatda bo‘lsa, kelajakda ham shundayligicha qololmaydi. Bu aniq», dedi To‘qayev.

Prezident so‘zlariga ko‘ra, hukumatning vazifasi tegishli takliflar kiritishdan iborat.

«Bu, birinchi navbatda. Ikkinchidan, ushbu takliflarga muvofiq tayyorlanadigan rejalarning bajarilishini kafolatlash. Lekin men yangi iqtisodiy modelni ishlab chiqish va tayyorlashga qanday yondashish haqida shaxsan o‘ylayotganimni yashirmayman. Yaqinda men Oliy iqtisodiy kengash yig‘ilishiga raislik qildim. Ochig‘i, men mahalliy iqtisodchilarimizni tanqid qildim. O‘ylaymanki, ular yaxshi ishlamayapti, bunyodkorlik yo‘q, oldimizda va butun davlat oldida turgan vazifalarni tushunish yo‘q», dedi u.

«Xalq bizdan aniq qarorlar kutmoqda, chunki eng dolzarb masalalarni hal qilish kerak. Xalqimiz uchun munosib turmush darajasini ta’minlash mamlakatimiz iqtisodiyotining rivojlanishini konseptual jihatdan qanday ko‘rishimiz bilan bevosita bog‘liq. Buni jiddiy qarorlarsiz amalga oshirolmaymiz. Mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga o‘ta jiddiy turtki berishga qaratilgan bu o‘ta muhim ishni birgalikda boshlashimiz kerak», dedi prezident.

To‘qayev Qozog‘iston xalqiga sentabr oyidagi murojaatida mamlakatni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z qarashlarini bayon qilishni rejalashtirmoqda.

Mavzuga oid