O‘zbekiston | 11:41 / 11.08.2023
13560
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta oxirida harorat pasayishi kutilmoqda

Bugun O‘zbekiston hududiga Ural hududlaridan nisbatan salqin havo tarqala boshlaydi va harorat foni respublika bo‘yicha asta-sekin pasayadi. 

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, kunduzi hududning katta qismida havo harorati +33...+36 daraja atrofida bo‘ladi, hatto janubiy hududlarda ham +38...+40 darajadan yuqori bo‘lmaydi.

Dam olish kunlari haroratning asta-sekin pasayishi davom etadi. Yakshanba kuni kunduzgi harorat +30...+32 darajadan, janubda +35 darajadan oshmaydi.

Ushbu kunlarda hududning katta qismida quruq va kam bulutli ob-havo saqlanib turadi, faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlari tog‘oldi va tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

12-13 avgust kunlari ba’zi joylarda shamol tezligi chang-to‘zon bilan 13-18 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Respublikaning ayrim hududlarida shamol tezligining kuchayishi ba’zida 20-22 m/s ga yetishi mumkin.

Keyingi haftaning o‘rtasida kunduzgi havo harorati +27...+30 darajagacha yanada pasayadi. Ayniqsa, kechasi va ertalab havoning salqinlashishi sezilarli bo‘ladi, bunda harorat +13...+16 darajagacha tushadi.

Poytaxtda 11-13 avgust kunlari havo kam bulutli bo‘ladi. Bugun harorat kunduzi +34...+36 daraja, shanba kuni +32...+34 daraja, yakshanba kuni +30...+32 daraja bo‘ladi. Shamol sharqiy yo‘nalishda esadi, kechalari 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Mavzuga oid