O‘zbekiston | 18:48 / 14.08.2023
16936
2 daqiqa o‘qiladi

«Uchtomonlama gaz ittifoqi bo‘yicha rasmiy taklif olmadik» - Qozog‘iston Energetika vazirligi

 Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiya va O‘zbekiston bilan «uchtomonlama gaz ittifoqini» tuzish bo‘yicha rasmiy taklif olmagani, hamkorlik ikkitomonlama formatda olib borilayotganini ma’lum qildi.

Foto: RIA Novosti

Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiya va O‘zbekiston bilan gaz sanoati sohasida hamkorlik qanday amalga oshirilayotganini bayon qildi.

Energetika vazirligi rasmiy vakili Chingiz Ilyosov so‘zlariga ko‘ra, 2022 yil noyabr oyida gaz sohasida mamlakatlar o‘rtasida uchtomonlama hamkorlikni shakllantirish tashabbusi Rossiya tomonidan e’lon qilingan. Ammo bu borada rasmiy taklif bo‘lmagan.

«[Uchtomonlama gaz ittifoqi] bo‘yicha na Rossiya, na O‘zbekiston tomonidan rasmiy taklif bo‘ldi. Bu davlatlar bilan gaz sohasida hamkorlik o‘zaro manfaatli sheriklik asosida ikkitomonlama formatda amalga oshirilmoqda», dedi Ilyosov.

Qozog‘iston gaz transport tizimi Rossiya gazini O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha tranzit qilish uchun imkoniyatga ega ekanini hisobga olib, Qozog‘iston hukumati va Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi o‘rtasida chora-tadbirlar rejasi imzolangan. U Rossiya gazini O‘zbekistonga tashish uchun «Markaziy Osiyo – Markaz» magistral gaz quvurini texnik tayyorlashni o‘z ichiga oladi.

«Bugungi kunda Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazish uchun «Markaziy Osiyo - Markaz» gaz quvurining Qozog‘iston qismini texnik jihatdan tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Ishlar 2023 yil 1 oktyabrgacha yakunlanishi rejalashtirilgan», dedi Energetika vazirligi vakili.

Avvalroq, Qozog‘istonning QazaqGaz kompaniyasi 2023 yil oktabr oyidan boshlab «Markaziy Osiyo – Markaz» quvuri orqali Rossiya gazini O‘zbekistonga tranzit qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.

 

Mavzuga oid