Jahon | 08:34 / 15.08.2023
5335
3 daqiqa o‘qiladi

Polshada Rossiyaning ikki fuqarosi josuslikda ayblanib qo‘lga olindi

Varshava va Krakovda ikki nafar Rossiya fuqarosi «Vagner guruhi» haqidagi targ‘ibot materiallarini tarqatgani uchun hibsga olindi.

Foto: notesfrompoland

Rossiyaning ikki fuqarosi Polshada «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK) haqidagi targ‘ibot materiallarini tarqatgani uchun qo‘lga olindi. «ABW (Polsha Ichki xavfsizlik agentligi), politsiya bilan birgalikda Krakov va Varshavada «Vagner guruhi» tashviqot materiallarini tarqatgan ikki rusni aniqladi va qo‘lga oldi. Ikkalasiga ham josuslikda ayblov qo‘yildi va ular qamoqqa olindi», - deb xabar berdi 14 avgust, dushanba kuni Polsha ichki ishlar va ma’muriyat vaziri Mariush Kaminskiy ilgari Twitter nomi bilan mashhur bo‘lgan X platformasida.

ABW ma’lumotlariga ko‘ra, 11 avgust, juma kuni qo‘lga olingunga qadar, erkaklar ikki shaharda «Vagner» XHKni qo‘llab-quvvatlovchi 300 ga yaqin varaqalarni yopishtirib chiqqan. Ularda yollanma askarlarni yollash uchun veb-saytlarga havolalar bo‘lgan. Hammasi bo‘lib, ular 3000 ga yaqin broshyuralarni olib yurgan, deya ta’kidlaydi ABW. Qo‘lga olinganlarning so‘zlariga ko‘ra, ular materiallarni Moskvada olgan va qilgan ishlari uchun «500 ming rublgacha» (taxminan 4500 yevro) va’da qilingan. Erkaklar 12 avgust, shanba kuni Polshani tark etishni rejalashtirgan. 

Bitta broshyura tarixi 

Askarlar yollashga chaqiruvchi broshyuralardan birining birinchi surati 10 avgust kuni o‘zining Facebook sahifasida Krakov shahar kengashi a’zosi Lukash Vantux tomonidan e’lon qilingan. A5 formatidagi stikerlarda ingliz tilida «Biz shu yerdamiz. Bizga qo‘shiling» yozuvi bilan «Vagner guruhi» logotipi va yollanma qo‘shinlar haqidagi rus tilidagi veb-saytga olib boruvchi QR-kod ko‘rsatilgan. 

Polsha rasmiylari hozirda jangchilari qo‘shni Belarusda joylashgan «Vagner» XHK tomonidan ehtimoliy provokatsiyalar haqida ogohlantirdi. Shu munosabat bilan Varshava ikki davlat chegarasida qo‘shinlar soni ko‘payganini ma’lum qildi. 

Bu alohida holat emas, balki butun bir tizim bo‘lishi mumkin

2023 yil mart oyida Polsha rasmiylari «Rossiya josuslik tarmog‘i» topilganini e’lon qildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, uning agentlari Polshadagi harbiy va fuqarolik obektlari haqida ma’lumot to‘plagan, Ukraina va NATOga qarshi kayfiyatni qo‘zg‘atgan va diversiya tayyorlagan. Xususan, Polsha tergoviga ko‘ra, ular Ukraina uchun qurol va insonparvarlik yordami solingan poyezdlarni portlatishni rejalashtirgan. Polsha allaqachon 20 ga yaqin odamni Rossiya foydasiga josuslikda ayblab hibsga oldi. Ular orasida ruslar, belaruslar va ukrainlar bor. 

Polshada xorijiy armiyalar va yollanma guruhlarga yollash, shuningdek, bunday tashkilotlarda xizmat qilish qonun bilan taqiqlangan. Qoidabuzarlar besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid