Jahon | 08:22 / 16.08.2023
5593
3 daqiqa o‘qiladi

FTB sobiq agenti sudda Oleg Deripaska uchun ishlaganini tan oldi

FTB sobiq agenti Oleg Deripaskani AQSh sanksiyalari ro‘yxatidan olib tashlashga harakat qilgan va Vladimir Potaninga kompromat to‘plagan. 

Oleg Deripaska / Foto: YeRA

Federal tergovlar byurosining (FTB) Nyu-Yorkdagi kontrrazvedka bo‘limi sobiq rahbari Charlz Makgonigal sudda iste’foga chiqqanidan so‘ng rossiyalik oligarx Oleg Deripaska uchun ishlaganini va AQShning tadbirkorga nisbatan joriy qilgan sanksiyalarini bekor qilish uchun til biriktirganini tan oldi

15 avgust, seshanba kuni Nyu-York federal sudida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda sobiq agent o‘z qilmishidan «qattiq pushaymon» ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Deripaskaning biznesdagi raqibi, «Nornikel» prezidenti Vladimir Potaninga nisbatan kompromat to‘plagan. Makgoningal 2021 yilda ushbu xizmatlar uchun 17 000 dollar olganini da’vo qildi. Sobiq agentning so‘zlariga ko‘ra, u to‘plagan ma’lumotlardan «oxir-oqibat Potaninni AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritishga urinishda foydalanish mumkin edi». 

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Makgonigal shu tariqa Deripaskaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishga erishmoqchi bo‘lgan. 2021 yilda amerikalik va uning bir qancha sheriklari Deripaska biznes raqibining yarim milliard dollarlik yashirin aktivlarini aniqlashga yordam beradigan fayllar uchun 650 ming dollardan 3 million dollargacha mukofot puli haqida muzokaralar olib borgan, dedi AQSh prokurori yordamchisi Rebekka Bell. 

Oleg Deripaskaga qarshi sanksiyalar 

Vashington 2018 yilda rossiyalik oligarxni RF rasmiylari manfaatlarini himoya qilishda, yuqori martabali rasmiy shaxslar aktivlariga egalik qilishda va pullarini yuvishda ayblab, Deripaskaga nisbatan sanksiyalar kiritgan edi. Deripaska AQShdagi saylovlarga aralashganlikda ham gumon qilingan. 

2022 yil sentabrida AQSh Adliya vazirligi Deripaskani sanksiyalar rejimini buzganlikda aybladi, bu jinoiy jinoyat hisoblanadi. Ayblovga ko‘ra, oligarx AQShdagi mulkdan foydalangan, uning ayoli esa ikki marta farzandlarini dunyoga keltirish uchun AQShga kelgan. 

Oleg Deripaska - Rossiyadagi eng boy odamlardan biri. Forbes jurnali uning boyligini 2,5 milliard dollarga baholagan. Deripaska unga qarshi kiritilgan sanksiyalardan ko‘rilgan zararni 7,5 milliard dollarga baholagan. U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi va sudda AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilishiga qarshi chiqdi. 

Mavzuga oid