Jahon | 16:16 / 18.08.2023
19915
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng tor shahar – Yanjin shahri haqida

Dunyodagi eng tor shahar deb tan olingan, tog‘ orasida, daryo bo‘yida joylashgan Xitoyning Yanjin shahrining eng tor nuqtasi 30 metrni, eng keng qismi esa atigi 300 metrni tashkil qiladi.

Foto: Screengrab

Xitoy davlatining Yunnan provinsiyasidagi Nansi tog‘ida joylashgan Yanjin shahrining mavjudligiga bir qaraganda ishonish qiyin. Bahaybat tog‘ orasidan oqib o‘tuvchi daryo o‘zani bo‘ylab joylashgan shahar dunyodagi eng tor megapolis sifatida tan olingan.

Shaharda daryo bo‘ylab mashinalar harakatlanishi uchun uzun yo‘l qurilgan.

Yanjin shahrida yer qimmat resurs hisoblanadi, shuning uchun ham uylar shundoq daryo bo‘yida qurilgan. Daryoda suv ko‘payib suv toshqinidan zararlanmasligi uchun uylar uzun qoziq ustunlar ustida qurilgan. Shahar aholisi 450 ming atrofida. 2 ta qirg‘oq bo‘ylab joylashgan hududda eng qizig‘i ko‘priklar ham uncha ko‘p emas.

Yanjin boy tarixga ega. Shahar qadimgi davrda Tibet va Janubiy Osiyo o‘rtasida tuz, bronza va choy tashib o‘tiladigan markaz bo‘lgan. Shaharning daryo bo‘ylab strategik joylashuvi uni savdogarlar to‘xtab o‘tadigan manzilga aylantirgan.

Lekin shahar qanchalik go‘zal bo‘lmasin, unga ko‘p turistlar bora olmaydi. Sababi Yanjinga tog‘lar oralab faqat bitta yo‘l orqali borish mumkin. Shuning uchun ham ko‘pchilik bu manzilga borishni qiyin deb hisoblaydi. Lekin shaharning o‘ziga xos arxitekturasi va tabiati sabab ko‘pchilik turizmga oid veb saytlar Yanjinni borilishi kerak bo‘lgan manzillar ro‘yxatiga qo‘shgan. 

Mavzuga oid