O‘zbekiston | 22:31 / 18.08.2023
19144
3 daqiqa o‘qiladi

Sanepidqo‘mita qora o‘lat O‘zbekistonga xavf solmayotganini ma’lum qildi 

Kerakli profilaktik tadbirlar olib borilmoqda, hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q, deb hisoblamoqda tashkilot. 

Foto: AFP/Getty Images

14 avgust kuni Xitoy va Mo‘g‘ulistonda qora o‘lat kasalligi tarqalgani aniqlandi. Ammo uning O‘zbekistonda tarqalish xavfi yo‘q, deb xabar berdi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi.  

Qayd qilinishicha, qora o‘lat eng dahshatli kasalliklardan biri hisoblanadi va insoniyat tarixida yuz bergan uchta pandemiya yuzlab million odamlar hayotiga zomin bo‘lgan. 

Qora o‘lat – tabiiy o‘choqli zoonoz kasalliklar guruhiga mansub infeksiya bo‘lib, o‘ta xavfli yuqumli kasallik hisoblanadi. Qora o‘lat, odatda tabiiy o‘choqdagi kasallik mikrobini yuqtirib olgan kemiruvchilar orasida tarqaladi. Kasal burga va kana chaqishi orqali hayvonlar orasida tarqaladi. Bunga epizootiya jarayoni deyiladi.  

Epizootiya kechayotgan xududlarda muntazam yashaydigan mahalliy aholi yoki mavsumiy ishlaydigan odamlarga kasallik burga va kana chaqishi orqali yuqadi. Bunda asosan o‘latning bubonli shakli (bubon – o‘lat mikrobi zararlagan va shishgan limfa tuguni) kuzatiladi. Bubon shaklidagi o‘lat hozirda 95-98 foizni tashkil qiladi. Kasallik vaqtida aniqlanib zamonaviy davolash choralari o‘z vaqtida o‘tkazilganda deyarli barcha hollarda bemorlar tuzalib ketadi. 

Agar o‘lat mikrobi havo orqali yuqsa o‘pka shakli, og‘izdan yuqsa oshqozon-ichak shaklida kechadi. Vaqtida davolanmagan bemorlarda mikrob qonda ko‘payishi orqali sepsis shaklida og‘ir kechib, o‘limga sabab bo‘ladi. 

Kasallik og‘ir intoksikatsiya sindromi, isitma, terining, limfa tugunlarining, o‘pkaning shikastlanishi, septik holat bilan tavsiflanadi.  

Qo‘mitaning xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda mavjud tabiiy o‘choqlarda epizootiyalarni vaqtida aniqlab, ularni epidemiyaga aylanib ketmasligining oldini olish bilan muntazam, tizimli ravishda shug‘ullanadigan o‘latga qarshi muassasalar bo‘lib, ular o‘choqlar faollashgan paytda kerakli profilaktik tadbirni olib boradi.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, kasallikning havo yo‘llari va quruqlikdagi yo‘llar orqali chet eldan kirib kelishining oldini olish maqsadida ellikdan ortiq chegara punktlarida kecha-yu kunduz faoliyat olib boruvchi sanitariya-karantin punktlari tashkil etilgan. Shu sababli, hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q.

Mavzuga oid