Jahon | 08:27 / 18.08.2023
7606
4 daqiqa o‘qiladi

YeI Ukrainadan don importiga qo‘yilgan taqiqni uzaytirishga shoshilmayapti

Ukrainaga qo‘shni besh davlat, Ukrainaning o‘zi, Moldova va Yevrokomissiya Ukraina donining tranzitini optimallashtirish ustida ishlamoqda. Bryussel uning importiga taqiqni uzaytirish haqidagi chaqiriqlarga jiddiy qaramayapti.

Foto: Shutterstock

Yevrokomissiyaning Ukraina, Moldova va Yevropa Ittifoqining beshta davlati – Polsha, Vengriya, Slovakiya, Ruminiya va Bolgariya bilan maxsus muvofiqlashtirish platformasi oltinchi bor uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar berdi Yevrokomissiya matbuot kotibi Balash Uyvari 17 avgust, payshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda. «15 sentabrdan keyin maxsus choralarni uzaytirish bo‘yicha har qanday chaqiriqqa hali erta, - dedi u Ukrainadan Yevropa Ittifoqining beshta davlatiga ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilishni vaqtinchalik taqiqlash haqida. - Biz platformaga natijalarga erishish uchun vaqt berilishi kerak deb hisoblaymiz».

Uyvarining so‘zlariga ko‘ra, tomonlar allaqachon ishonchni mustahkamlash va axborot almashinuvini yaxshilashga, shuningdek, logistikadagi to‘siqlarni bartaraf etish va «birdamlik liniyalari» salohiyati bo‘yicha aniq harakatlar yuzasidan kelishib olishga muvaffaq bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, bu birinchi navbatda Dunay yo‘nalishiga, Boltiqbo‘yi va Adriatika yo‘laklariga tegishli. Yevrokomissiyaning yig‘ilishdan so‘ng tarqatilgan rasmiy bayonotida ta’kidlanganidek, «don Ukraina chegaralaridan chiqib, Yevropa Ittifoqi va uning doirasidan tashqarida muhtoj bo‘lgan mamlakatlarga yetib borishi uchun pragmatik yechimlarni izlashda olg‘a siljish bor». 17 avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish va narxlar, transport imkoniyatlari, jumladan, muqobil yo‘nalishlar, kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarning borishi va kelgusidagi yo‘nalishlar muhokama qilindi. 

Platforma uchrashuvlari ko‘payadi

«Biz muvofiqlashtiruvchi platforma kontekstida kelishilgan bu harakatlar birdamlik yo‘nalishlari samaradorligini oshirishiga ishonamiz», - dedi Yevropa Komissiyasi vakili. U Ukraina donining tranzitini optimallashtirish bo‘yicha uchrashuvlar ko‘proq o‘tkazilishiga va’da berdi. 

Muvofiqlashtiruvchi platforma may oyida Yevrokomissiya, uning rahbari Ursula fon der Lyayyen va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv asosida yaratilgan. Ukraina g‘allasini tashish bilan bog‘liq logistik muammolarni hal qilish bo‘yicha ishlar savdo bo‘yicha Yevropa komissari Valdis Dombrovskis boshchiligida olib borilmoqda, dedi Uyvari. «Birdamlik liniyalari»ning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yaxshilash hamda g‘alla Ukrainani tark etishi, savdo oqimlarining harakati to‘xtatilmasligi uchun rasmiy tartiblarni soddalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilinmoqda. 

Importning vaqtinchalik taqiqlanishi

2 may kuni Yevropa Ittifoqi Ukrainadan Bolgariya, Vengriya, Polsha, Ruminiya va Slovakiyaga bug‘doy, makkajo‘xori, kungaboqar urug‘ini olib kirishni vaqtinchalik taqiqlab qo‘ygan edi. Yevropa Ittifoqi 15 sentabrgacha barcha cheklovlarni bekor qilishini bildirdi, ammo hozirda ular «alohida holatlar», jumladan, logistika qiyinchiliklari va saqlash hajmining yetishmasligi tufayli zarur bo‘lib qolmoqda. Biroq Ukrainaga qo‘shni davlatlar taqiqni 2023 yil oxirigacha uzaytirish zarurligi haqida bir necha bor ma’lum qilgan.

Ayni paytda, Rossiya Ukraina g‘allasini Qora dengiz orqali olib o‘tish bo‘yicha kelishuvni to‘xtatdi va shundan beri Ukraina port infratuzilmasiga, don omborlariga hujum qilib, yuk tashuvchilarga tahdid solmoqda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid