09:22 / 19.08.2023
8811

OAV: Rossiya «g‘alla bitimi»ga muqobil variant tayyorlamoqda

Bild gazetasining yozishicha, Rossiya, Turkiya va Qatar ishtirokida yangi bitim shu hafta oxirida Budapeshtda tuzilishi mumkin.

Foto: newsunrolled

Rossiya Turkiya va Qatar bilan birgalikda iqtisodiy kelishuvni rejalashtirmoqda, unga ko‘ra, g‘alla muhtoj bo‘lgan mamlakatlarga, asosan, Afrika davlatlariga yetkazib beriladi. Bu haqda 19 avgust, shanba kuni Bild gazetasi o‘z saytida xabar berdi. U 21 iyuldan 8 avgustgacha Tashqi ishlar vazirligi bilan Rossiya va Turkiya elchixonalari o‘rtasidagi rasmiy yozishmalarga tayangan. 

Nashrga ko‘ra, Moskva Anqarani «g‘alla bitimi»dan chiqish haqida oldindan ogohlantirgan. Gazetaning yozishicha, yangi uch tomonlama kelishuvga ko‘ra, Turkiya tashkilotchi, Qatar esa homiy sifatida harakat qilmoqchi. 

Shu bilan birga, Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Rossiyadan g‘alla Ukrainadan ham yetkazib berilishi uchun avvalgi kelishuvni qayta tiklashni so‘ramoqda. Anqara BMT shafeligida harakat qilishni taklif etmoqda, deb yozadi Bild. Gazetaga ko‘ra, yangi kelishuv shu hafta oxirida Budapeshtda tuzilishi mumkin. Buning uchun Tatariston rahbari Rustam Minnixonov u yerga uchib ketdi. Vengriya poytaxtiga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham kelishi kutilmoqda. 

Hozircha yozishmalarning haqiqiyligi Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik vakolatxonalar tomonidan tasdiqlanmagan. Ular nashr ma’lumotlariga izoh bermadi.

Moskvaning «g‘alla bitimi»ni buzishi 

2022 yil 22 iyulda imzolangan Qora dengiz don tashabbusi BMT, Turkiya, Rossiya va Ukraina o‘rtasida Ukraina donini Qora dengiz orqali uchta port: Chernomorsk, Odessa va Yujniy orqali xavfsiz eksport qilish uchun dengiz yo‘laklarini yaratish to‘g‘risidagi kelishuv hisoblangan.

Bitimning ikkinchi qismida Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘it eksporti yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash nazarda tutilgan. Moskva kelishuvning bu qismi, uning fikricha, bajarilmaganidan bir necha bor noroziligini bildirgan. 17 iyulda «g‘alla bitimi» tugaganidan keyin RF Rossiyaga tegishli kelishuv bandlariga rioya qilinmaguncha, unda ishtirok etishdan voz kechdi. 

Ukraina 32,8 million tonna don va boshqa mahsulotlarni eksport qildi 

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuvlar davrida Ukraina 32,8 million tonna don va boshqa mahsulotlar, asosan makkajo‘xori va bug‘doy eksport qilgan. 

16 avgust kuni Hongkong bayrog‘i ostidagi Joseph Schulte konteyner kemasi bortida oziq-ovqat bilan Odessa portidan jo‘nab ketdi. Kema Germaniyaning Bernhard Schulte Shipmanagement (BSM) kompaniyasiga tegishli, deya xabar beradi Reuters. 

Mavzuga oid
Top