Jahon | 10:07 / 19.08.2023
13359
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada Saxarov markazi tugatildi

Moskva shahar sudi Rossiya Adliya vazirligining Andrey Saxarov markazini tugatish to‘g‘risidagi da’vosini qanoatlantirdi. Tashkilot yuridik shaxslarning davlat reyestridan chiqariladi.

Saxarov markazi

Moskva shahar sudi Rossiya Adliya vazirligi poytaxt boshqarmasining tegishli ma’muriy da’vosini qanoatlantirib, Saxarov markazini tugatdi. 1990 yildan beri mavjud bo‘lgan Andrey Saxarov markazi yuridik shaxslarning davlat reyestridan chiqariladi. Bunday qaror 18 avgust, juma kuni sudya Vyacheslav Polixa tomonidan qabul qilindi, deb xabar berdi BFM o‘z muxbiriga tayanib.

Da’vo arizasida NNT faoliyatini tekshirish chog‘ida «tizimli qo‘pol va tuzatib bo‘lmaydigan qonunbuzilishlar» aniqlangani aytilgan. Boshqa narsalar qatorida, Adliya vazirligi Saxarov markazining filiallari bo‘lmagan hududlarda «Andrey Saxarov - davr odami» ko‘rgazmasini o‘tkazishda hududiy faoliyat sohasi prinsipi buzilganini bildirgan. Bundan tashqari, Rossiya rasmiylari tomonidan «chet el agenti» sifatida tan olingan Saxarov markazi tegishli belgilanmagan video materiallarni veb-saytga joylashtirgan va buning uchun bir necha bor ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Mahkama tomonidan tashkilotning ta’sis hujjatlarida ham qonunbuzarliklar aniqlangan. 

Saxarov markazi xodimlari qonunbuzarliklar sodir etilganligini tan olmadi va suddan Adliya vazirligining da’vosini rad etishni so‘radi. 

Saxarov markazi 1990 yilda tashkil etilgan 

Andrey Saxarov muzeyi va jamoat markazi (2012 yildan - Saxarov markazi) 1990 yilda huquq himoyachisi, dissident va fizik Andrey Saxarovning bevasi Yelena Bonner, do‘stlari va hamkasblari tashabbusi bilan uning merosini saqlab qolish uchun tashkil etilgan. 

2014 yil dekabr oyida Rossiya Adliya vazirligi Saxarov markazini «NNT-chet el agentlari» reyestriga kiritdi. Shundan so‘ng mahkama «nodavlat notijorat tashkiloti - chet el agenti» maqomiga to‘g‘ri kelganlik fakti ikki marta tekshirish chog‘ida aniqlanganini bildirdi. Markazning o‘zi Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan rejali tekshirishda qonunbuzarlik aniqlanmaganini ma’lum qildi. 2023 yil yanvar oyida Rossiya Bosh prokuraturasi Andrey Saxarov fondi (The Andrei Sakharov Foundation) Amerika nodavlat tashkilotini «nomaqbul tashkilot» deb e’lon qildi, Saxarov markazi esa Moskvadagi barcha binolardan chiqarib yuborilishi to‘g‘risida xabarnoma oldi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid