O‘zbekiston | 15:47 / 23.08.2023
4931
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning BMTdagi yangi doimiy vakili ish boshladi

Ulug‘bek Lapasov BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Foto: Dunyo

Nyu-York shahrida O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Bosh kotib O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida jamiyatni demokratlashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholadi.

U o‘zgarishlarni amalga oshirishda, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda BMT O‘zbekistonga zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi.

Antoniu Guterrish O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasini alohida ta’kidladi.

Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini hamda BMT orqali bo‘lajak oliy darajadagi qo‘shma tadbirlar jadvalini muhokama qildilar.

40 yoshli Ulug‘bek Lapasov tayinlovga qadar O‘zbekistonning BMT vakolatxonasi va Jyenevadagi (Shveytsariya) boshqa xalqaro tashkilotlarning doimiy vakili lavozimida ishlagan.

U Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini, shuningdek, bir qator xorijiy universitetlar dasturlarini tamomlagan. Tashqi ishlar vazirligi tizimida stajyor sifatida ish boshlagan, markaziy apparatda va xorijdagi diplomatik vakolatxonalarda ishlagan. 2016 yildan beri maslahatchi, muvaqqat ishlar vakili, BMTning Jyenevadagi vakolatxonasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili, elchi. Fransuz, ingliz, rus tillarida so‘zlasha oladi.

Ulug‘bek Lapasov 2017 yildan O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili bo‘lib ishlagan Baxtiyor Ibragimov o‘rnini egalladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid