O‘zbekiston | 11:37 / 24.08.2023
4669
2 daqiqa o‘qiladi

O‘simliklarni himoya qilish sohasidagi o‘zgarishlar qonun bilan mustahkamlanmoqda

Senatning qirq to‘rtinchi yalpi majlisida senator “O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. 

Foto: Senat.uz

Qonunda maxsus vakolatli davlat organi sifatida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan o‘simliklarni himoya qilish sohasida davlat nazorati amalga oshirilishi, o‘simliklar karantini davlat inspektorlarining sohadagi huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.

Shuningdek, kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini standartlashtirish, sertifikatlashtirish, tamg‘alash hamda ishlab chiqarishga doir talablar nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, qonuniylik, tizimlilik va uzluksizlik, biologik usulni qo‘llash ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik kabi o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi asosiy prinsiplar mustahkamlanyapti.

Qonun bilan kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, qo‘llash, tashish, muomaladan chiqarish, tashish, saqlash qoidalariga rioya qilishga, shuningdek, yaroqsiz holga kelgan va qo‘llanishi taqiqlangan vositalarni zararsizlantirishga, utilizatsiya qilishga doir talablar kuchaytirilishi ham nazarda tutilgan. 

Qonun muhokamasi jarayonida hujjatda belgilangan qoidalar hozirgi global iqlim o‘zgarishi sharoitida mavjud o‘simlik dunyosini asrab-avaylashga hamda oziq-ovqat xavfsiziligini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Aholi sonining o‘sishi, oziq-ovqat xavfsizligi hamda agro-ekologik omillar ko‘plab sohalar qatori o‘simliklar himoyasi sohasida ham yangi, zamonaviy yondashuvlarni taqozo etmoqda.

Hozirda mazkur yo‘nalishda mustahkam huquqiy, institutsional asoslar yaratilgan. Ushbu Qonun esa sohani huquqiy jihatdan bugungi kun talablariga mos holda yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Inson sog‘lig‘i va atrof-muhit xavfsizligi hamda biologik usulni qo‘llash ustuvorligi o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi asosiy prinsiplar sifatida mustahkamlanayotgani bu boradagi yangi yondashuvning tub maqsadi va mazmunini aks ettiradi, degan Senat raisi Norboyeva qonunning ahamiyati haqidagi nutqida.

Mavzuga oid