12:08 / 26.08.2023
26575

«Gorio ota» – vahshiy jamiyat «o‘lja»siga aylangan ota fojiasi

Bu hayotda mol-dunyo, hashamat nimalarga qodir emas? Boylik insoniyatning hissiyotlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazoladi. Ba’zan yaqinlaridan uzoqlashtirsa, ba’zida begonalar bilan yaqinlashtirib qo‘yadi. Gohi qullarni ozod bo‘lishiga yordam bersa, gohi odamlarni o‘ziga qul qiladi. 

Xullas, boylik deya atalmish narsaning yaxshi-yomon; hikmatli va hikmatsiz; foydali hamda zararli taraflari bisyor. Uning qay tomonidan bahra olish esa insonning o‘ziga, aqliy va axloqiy fazilatlariga bog‘liq. 

Fransuz adibi Onore de Balzakning «Gorio ota» asari ayni shu boylik, mol-davlat va hashamatning XIX asr fransuz jamiyatida qanday rol o‘ynagani, insonlar orasida qanchalik ahamiyatga ega bo‘lgani haqida hikoya qiladi.

Syujyet:

«Gorio ota» romani 1834 yil yozilgan. O‘zbek tiliga Sulton Muhammadjonov tomonidan tarjima qilingan.

Asar qahramonlari – Gorio ota, Anastazi, Delfina , Ejyen de Rastinyak, Byanshon, Maksim de Trayer va boshqalar.

Gorio ota – sobiq tadbirkor, sarmoyador shaxs. U o‘z vaqtida badavlat shaxs bo‘lgan. Rafiqasi vafotidan so‘ng butun hayotini, bor mehr-e’tiborini ikki qizi – Anastazi va Delfinaga bag‘ishlaydi. Ularni malikalardek voyaga yetkazadi. Afsuski, qizlar bemehr chiqdi, ularga faqat otasining pullari kerak edi, xolos…

Asarning yana bir bosh qahramoni Ejyen de Rastinyak – shaharga o‘qish maqsadida kelgan, huquqshunoslik fakulteti talabasi. Oddiy oilaning farzandi bo‘lgan Ejyen shaharda yashash, obro‘ orttirishning yagona oson yo‘li – kiborlar jamiyatiga yaqinlashish deb hisoblaydi. Shu sabab o‘zining uzoq qarindoshi de Bosean xonimdan maslahat oladi va bazmlarga qatnash orqali sekin-asta kiborlar jamiyatiga kirib boradi. 

Rastinyak endi Gorio otaning boy-badavlat qizlari bilan tanishadi. Vaqtlar o‘tib o‘zi tanishgan, yaqin munosabatlar o‘rnatgan bu ikki ayol ijaradoshi bo‘lmish Gorio otaning qizlari ekanini bilib qoladi. Aslida talaba yigit Gorio ota bilan Voke pansionida g‘arib holatda yashardi. Rastinyak qizlari shunchalar boy bo‘la turib otasining bunchalar xarob holatda yashashidan hayratlanadi. Bilishicha, qizlari hatto otasining borligidan orlanishardi.

Zodagonlar hayotiga oshufta bo‘lgan, ko‘zlarini hashamat ko‘rki qamashtirgan, qanday qilib bo‘lmasin boyish orzusida bo‘lgan yigitcha bu ikkala bemehr qizning harakatlarini ko‘rib afsuslanadi. Har ikki qiz ham oilali, farzandlari bor, lekin shunga qaramay, ular turli ballarga borishni, maishat qilishni, qimmatbaho taqinchoqlar taqishni, ma’shuqlari bilan qimor o‘ynashni sevadi. Ma’shuqlaridan ajralib qolmaslik uchun bor-budini berishga tayyor. 

Qizlarning barcha qarzlarini sho‘rlik Gorio ota to‘laydi. O‘zi bir xaroba uyda ijarada tursa-da, qizlari uchun eng oxirgi pullarini berishga ham rozi. Muhimi, bir on bo‘lsa ham qizlarini ko‘rishni istaydi. Lekin qizlari otasidan uyaladi. Ko‘cha-ko‘yda u bilan ko‘rishishni istamaydi. Ammo boshlariga tashvish tushsa, darrov otasi yoniga chopadi.

Rastinyak bu voqealarni ko‘rib eziladi, kasalmand otaga yordam beradi. Chol vafot etish arafasi zor qaqshab qizlarini yoniga chorlaydi. Ammo bemuruvvat qizlari arzimas sabablarni ro‘kach qilib otasi yoniga bormaydi. Borishni xayollariga-da keltirmaydi.

Ota vafot etgach qizlari o‘rniga Rastinyakning o‘zi dafn marosimi o‘tkazadi... Nonko‘r qizlar hatto otasi bir necha marta chaqirishiga qaramasdan o‘limi oldidan bir marta ham ko‘rishga kelmadi, dafn marosimiga esa xizmatkorlarini jo‘natishadi. Bu hodisa talabaga katta saboq bo‘ldi. O‘zi intilayotgan, orziqayotgan aristokratlar jamiyatining asl yuzini ko‘radi va bu jirkanch botqoqlikdan iborat hashamatdan jirkanadi...

Tahlil:

Adib asar orqali birgina oila misolida butun fransuz jamiyatining chirkinligini, odamlar pul, obro‘, mansab uchun hech narsadan qaytmasliklarini, ularga oilaning hech qanday ahamiyati yo‘q ekanini ko‘rsatib bergan.

Ushbu romanda kitobxon XIX asr fransuz jamiyati bilan tanishadi va bu jamiyatning illatlari, nafs, mol dunyo odamlarni ne ko‘yga solganligining guvohi bo‘ladi. Asarda oilalarning barbod bo‘layotgani, ming yillik qadriyatlar so‘nayotgani ta’sirli tarzda yoritilgan.

Gorio ota qizlari uchun borini berib, ularning istaklarini har dam muhayyo qilgan. Oqibatda qizlari xudbinlashib, nima istasak otamiz shuni berishga majbur degan tushuncha bilan ulg‘aydi. Cholning qizlariga shu qadar mehri balandligidan dilbandlarining qiliqlari unga hecham og‘ir botmasdi.

Ammo chetdan qaraganda Gorio otaning holati judayam achinarli edi. Aslida o‘sha davr fransuz jamiyatining holati Gorionikidan-da og‘irroqligi seziladi. Illatga botgan, yolg‘onga to‘lgan, fahshdan toshgan bu jamiyatda toza havoning o‘zi qolmagandi. Odamlar badavlat bo‘lish uchun yoki yuqori mavqeini saqlab qolish uchun hamma narsaga tayyor, har qanday razillikka rozi holatda yashardi. 

Usti yaltiroq, ichi qaltiroq jamiyat o‘zini ko‘z-ko‘z qilib, ortida chirkinlik yashiringan hashamatini ko‘rsatib Rastinyak singari hali g‘o‘r, beg‘ubor qalblarni o‘ziga jalb qilardi. «O‘ljalar»ini tuzoqqa ilintirib rohatlanardi. 

Anastazi va Delfinaning xudbinligi, pul va hashamatga o‘chligi, otasiga shafqatsiz munosabatda bo‘lishi kitobxonda g‘azab qo‘zg‘aydi. Ammo o‘sha davr va o‘sha makonda bunday holat tabiiy yashash tarziga aylangandi. Bu esa qadriyatlar, sof tuyg‘ularning tag tomiridan chirib borayotganini, haqiqiy hislar zavolga yuz tutayotganini, shuni insonlar anglab yetmasa, vaqtida bundan qaytmasa, jamiyat tanazzulga uchrashini, natijada, Gorio otadek xor bo‘lishini ko‘rsatib turardi.

Boylik, mavqe qanchalar katta kuchga, qudratga ega bo‘lmasin, sof tuyg‘ular, o‘zaro mehr-muhabbat, ulug‘vor qadriyatlar undan-da qudratliroqdir. Mehr-oqibatni, samimiy tuyg‘ularni poymol qiluvchi boylikda fayz bo‘lmaydi. Samimiyat iliqligidan yiroq bo‘lgan boy inson baribir o‘zini baxtsiz his qilaveradi. Puldor inson atrofidagi do‘stlar soxta bo‘lishi mumkin, ammo kambag‘al, nochor inson atrofidagilar doim haqiqiy bo‘ladi. Chunki bechora kishidan hech qanday manfaat kutib bo‘lmaydi. 

Shunday ekan, o‘tkinchi mol-dunyo qarshisida turib, haqiqiy boyligimizni boy berib qo‘ymaylik... 

Gulasal Qodirova, kitobxon

Muallif fikr tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.

Mavzu
Mutolaa zavqi
Kitob mutolaasi inson ruhiyatida ajib hissiyot, o‘zgacha quvvat va ichki xotirjamlik beradi. Bu sahifadagi maqolalar sizni ana shunday mutolaa zavqini his qilishga undaydi.
Barchasi
Top