Jahon | 09:13 / 28.08.2023
10373
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp qamoqxonadagi surati tushirilgan suvenirlardan millionlab dollar ishlab oldi

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp tarafdorlari siyosatchining qamoqxonadagi surati tushirilgan futbolkani sovg‘a sifatida olish uchun uning saylovoldi kampaniyasiga 7 mln dollardan ortiq mablag‘ xayriya qildi. 

Foto: Mario Anzuoni/REUTERS

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Jorjiya shtatidagi Fulton okrugi qamoqxonasida 2020 yilgi prezidentlik saylovlari jarayonini o‘zgartirishga urinish bo‘yicha ish doirasida politsiya kartotekasi uchun olingan suratidan muvaffaqiyatli foydalanmoqda. 27 avgust, yakshanba kuni Germaniyaning ARD jamoat telekanalining Tagesschau axborot dasturi saytida xabar qilinishicha, 24 avgust oqshomidan boshlab respublikachining yangi prezidentlik kampaniyasi uchun xayriya yig‘uvchi jamg‘arma Oq uy sobiq rahbarining ushbu surati tushirilgan reklama futbolkalari, stikerlar, ko‘zoynaklar va boshqa suvenirlardan 7,1 mln dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi.

Jamg‘arma veb-saytida Trampning saylovoldi kampaniyasiga (bu - uni Qo‘shma Shtatlarning 47-prezidentiga aylantirishi mumkin) kamida 47 dollar xayriya qilishga tayyor bo‘lgan har bir kishi sobiq davlat rahbarining qamoqxonadagi surati (magshot) tushirilgan futbolkani sovg‘a sifatida oldi.

Respublikachilarning Trampni qo‘llab-quvvatlashi

Tramp matbuot kotibi Stiven Chunning so‘zlariga ko‘ra, faqat 25 avgust kuni ushbu buyumlarni sotish orqali rekord darajadagi 4,18 mln dollar xayriya mablag‘i yig‘ilgan. Trampning qamoqxonadagi surati ostidagi yozuv uning joriy saylov kampaniyasi shioriga aylandi: «Hech qachon taslim bo‘lma!» Surat, shuningdek, Tramp tomonidan moliyalashtiriladigan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida «Saylovga aralashuv» yorlig‘i bilan joylashtirildi. 

Yaqinda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, Respublikachilar tarafdorlarining qariyb 62 foizi Donald Trampni o‘z partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan. Bundan tashqari, avgust oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan teledebat chog‘ida AQShdagi prezidentlik saylovlarida Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan sakkiz nafar nomzoddan olti nafari, agar aybdor deb topilsa, qaysi biri Trampni qo‘llab-quvvatlashi haqidagi savolga ijobiy javob qaytardi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid