09:26 / 29.08.2023
9908

Latushko: Minsk «Vagner» jangchilariga yangi pasportlar beryapti

Belarus muxolifati yetakchilaridan biri Pavel Latushkoning so‘zlariga ko‘ra, XHK jangchilari ma’lumotlari o‘zgartirilgan pasportlarni bir oydan beri olmoqda. Latushko qancha odam yangi hujjatlar olganiga aniqlik kiritmadi.

Foto: Alexander Nemenov/AFP/Getty Images

Belarus hukumati «Vagner» jangchilariga ism va familiyalari o‘zgartirilgan yangi pasportlar beryapti. Bu haqda 28 avgust, dushanba kuni Polshaning PAP agentligiga bergan intervyusida Belarus muxolifati yetakchilaridan biri Pavel Latushko o‘z manbalariga tayanib aytib o‘tdi

Pasportlar bir oydan beri berilyapti

Uning aytishicha, bu amaliyot bir oydan beri davom etmoqda va u bu qo‘poruvchilik va teraktlar tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Latushko so‘zlariga ko‘ra, u qancha pasport berib bo‘lingani haqida ma’lumotga ega emas. «Biz tasdiqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, vagnerchilar Belarus pasportlarini, haqiqiy hujjatlarni olyapti, lekin, albatta, boshqa nomlarda. Shuning uchun ular Yevropa Ittifoqi hududiga chegara punktlari orqali kirishi mumkin», dedi belaruslik muxolifatchi. 

Unga ko‘ra, Belarusda bir necha ming XHK jangchilari qolmoqda, mamlakat rahbari Aleksandr Lukashenko esa ularning katta sonini ta’minlash uchun yetarli moliyaviy resurslarga ega emas. Shu bois, ularning bir qismi Afrikaga ketadi, ikkinchisi Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzadi, qolganlari esa yo bo‘shaydi yoki Belarusda qoladi, dedi Latushko. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha yuzlab «Vagner» XHK jangchilari Belarus Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan. «Variant sifatida ular Belarus qurolli kuchlarining maxsus operatsiyalar kuchlari tarkibida qoladi va kelajakda chegarada muammolar yaratish uchun ishlatilishi mumkin», deb hisoblaydi belaruslik siyosatchi. 

Yevropa Ittifoqi davlatlari Belarusdan uzoqlashmoqda

Ayni paytda, Belarus bilan chegaradosh Yevropa Ittifoqi davlatlari umumiy chegaradagi chegara o‘tish joylarini yopmoqda va chegara hududlarida qo‘shinlar guruhlarini kuchaytirmoqda. Xususan, Litva avgust oyida oltita yo‘l-nazorat punktidan ikkitasini yopdi. Shu tariqa, davlatlar Belarusda xususiy harbiy kompaniya asoschisi Yevgeniy Prigojinning muvaffaqiyatsiz isyonidan so‘ng u yerga kelgan ko‘p sonli «Vagner» jangchilari borligi haqidagi xabarlar yuzasidan choralar ko‘rmoqda. 

Prigojinning 23 avgust kuni Tver viloyati uzra samolyot qulashi paytida halok bo‘lishi Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlarining rejalariga ta’sir qilmaydi, dedi Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy. 

Top