Jahon | 19:43 / 30.08.2023
14396
2 daqiqa o‘qiladi

Kreml Putin va Erdo‘g‘an Rossiyada uchrashishini tasdiqladi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuv Rossiyada o‘tkaziladi. Bu ma’lumotni Kreml so‘zchisi Dmitriy Peskov tasdiqladi.

Foto: TASS

«Turkiya va Rossiya yetakchilari uchrashuvi tez orada Rossiyada o‘tkaziladi», dedi Peskov bu haqda qisqa qilib. OAVda Erdo‘g‘an va Putin 4 sentabr kuni Sochida uchrashishi haqida xabarlar tarqalgandi. Peskov bu xabarga munosabat bildirishni istamagan.

Avvalroq Putin Erdo‘g‘an bilan uchrashish uchun Turkiyaga bormasligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Vaholanki, avgust oyi boshida ikki prezidentning telefondagi suhbatidan keyin Erdo‘g‘an rossiyalik hamkasbi muzokaralar uchun Turkiyaga borishi haqida xabar qilgandi. Biroq o‘shanda suhbat haqidagi xabarda Kreml bu ma’lumotni tasdiqlamagan.

Rus nashrlarining yozishicha, ikki prezident o‘rtasidagi uchrashuv Hindistondagi «Katta yigirmalik» yig‘ilishidan avval o‘tkaziladi. Turkiya hukmron partiyasi rasmiy vakili Umar Chelik Erdo‘g‘an 4 sentabrda Sochiga borishini tasdiqlagan. «Janob Putin Turkiyaga kela olmayotgani sabab bizning prezidentimiz Rossiyaga boradi. Sanasini ham aytishim mumkin: janob Erdo‘g‘an 4 sentabr kuni Sochiga boradi», degan u mahalliy telekanal efirida.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid