Jahon | 10:48 / 04.09.2023
7969
2 daqiqa o‘qiladi

CBS: AQSh Rossiyaning 1 mlrd dollarlik aktivlarini Ukrainaga bermoqchi

Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Adliya vazirligi musodara qilingan aktivlardan Ukraina xalqi manfaati uchun foydalanish bo‘yicha Kongressdan ruxsat so‘ramoqda. 

Foto: Kevin Lamarque/Reuters

AQSh Adliya vazirligi Ukrainaga Rossiyaning sanksiya ostida bo‘lgan qiymati 1 milliard dollardan ortiq aktivlarini berish imkoniyatini izlamoqda. Bu haqda 3 sentabr, yakshanba kuni CBS telekanali xabar berdi.

Unga ko‘ra, Ukrainada urush boshlangan 2022 yil fevral oyining oxiridan beri AQSh rasmiylari Rossiyaning butun dunyo bo‘ylab umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan aktivlarini musodara qilgan yoki musodara qilishga yordam bergan. 

«Biz Kongressdan olingan mablag‘larni Ukraina xalqi manfaati uchun ishlatishga ruxsat so‘rayapmiz», dedi AQSh adliya vaziri va bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari Liza Monako CBS telekanaliga. 

Rossiyalik oligarx Malofeyevning musodara qilingan aktivlari 

AQSh bosh prokurori Merrik Garlend may oyida ilk bor rossiyalik oligarxning sanksiyalarni buzgani uchun musodara qilingan aktivlarini Ukrainaga topshirishga ruxsat berdi, deb yozadi Reuters. 

Gap rossiyalik tadbirkor Konstantin Malofeyevning mablag‘lari haqida borgan. 2022 yil aprel oyida AQSh Adliya vazirligi uni Ukrainaga harbiy harakatlar uchun Rossiyaga nisbatan kiritilgan sanksiyalarni buzganlikda aybladi. AQSh rasmiylariga ko‘ra, Malofeyev Qrimda ayirmachilik kayfiyatini qo‘zg‘atganlarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan. 

Mavzuga oid