Sport | 14:22 / 04.09.2023
27883
26 daqiqa o‘qiladi

Londonda drama, Salohda seriya. Kun o‘yinlari

«Arsenal» va «MYu» o‘yini oxirida aql bovar qilmas voqealar ro‘y berdi. Mankunianliklarning 89-daqiqadagi goli bekor qilindi, keyin ular ikkita gol o‘tkazib yuborishdi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida sodir bo‘lgan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Foto: Reuters

«Arsenal» – «MYu» 3:1
Gollar:
0:1 – 27 Reshford, 1:1 – 28 Edegor, 2:1 – 90+6 Rays, 3:1 – 90+10 Gabriel Jyezus 
Arsenal – Remsdeyl, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko (Tomiyasu, 76), Edegor, Rays, Haverts, Saka, Martinelli, Nketia (Jyezus, 76).
MYu – Onana, Uan-Bissaka, Lindelyof (Evans, 84), Martines (Maguayr, 67), Diogu Dalot, Eriksen, Kazemiro, Brunu, Antoni (Garnacho, 84), Marsiyal (Hoylund, 67), Reshford.
Ogohlantirishlar: Lindelyof (38), Saka (40), Martines (65), Onana (68), Gabriel Jyezus (89).

«MYu» tarkibidagi muammolar va «Arsenal»ning yo‘qotishi

«Bu premiyer-ligadagi eng muhim qarama-qarshiliklardan biri», — Erik Ten Hag APLning to‘rtinchi turi doirasidagi «Arsenal» va «MYu» o‘yini oldidan shunday so‘zlarni aytdi.

«Yunayted» «Emireyts»ga umuman ochkosiz holatda tashrif buyurishi ham mumkin edi: klub dastlabki turlardagi ochkolarga katta qiyinchilik bilan erishdi. Qolaversa, jamoa yangi mavsum arafasida tarkibdagi muammolarini oxirigacha hal qila olmagan.

Shu yozda jamoani tark etishi kutilgan, ammo xaridor chiqmagan Skott Maktominey, shuningdek, bosh murabbiy bilan muammosi bor Jyeydon Sancho Londonga olib ketilmadi, Rafael Varan, Lyuk Shou, Tayrell Malasiya va Meyson Maunt allaqachon lazaretda. Ten Hagda variantlar ko‘p emas, natijada Diogu Dalotni yana chap qanot himoyachisi pozitsiyasiga yuborishga to‘g‘ri keldi (transferlar oynasining so‘nggi kunida ijaraga olingan Serxio Regilon hali o‘ynashga tayyor emas), Eriksen esa o‘rta chiziqqa joylashtirildi (tarkibni keraksiz futbolchilardan tozalash imkoni bo‘lmagani uchun transferi kechikib ketgan Amrabat ham tayyor emas).

«Arsenal» esa «Nottinghem Forrest» va «Kristal Pelas» bilan o‘yinlardagi g‘alabalardan so‘ng kutilmaganda «Fulhem» bilan durang o‘ynagandi (2:2), shunday ekan, vaziyatni o‘nglash uchun jamoa mavsumdagi ilk jiddiy raqib bilan o‘yinda g‘alaba qozonishi talab etilardi.

Havers ishlagan penalti va Maguayrning maydonga qaytishi

Foto: SHAUN BOTTERILL/GETTY IMAGES

O‘yin ilk daqiqalardan qiziy boshladi va «Arsenal» ilk daqiqalardanoq o‘yin ohangini belgilab berdi. «Yunayted» maydon o‘rtasidan o‘tishga qiynaldi, jamoa o‘yinni o‘z darvozasi atrofida qurdi va to‘pni oldinga yetkazib berishda xatolarga yo‘l qo‘ydi.

O‘yin jarayonida hisob mehmonlar tomonidan ochilishiga hech qanday ishora yo‘q edi, ammo «Yunayted» baribir bir amallab buni uddaladi. Mohiyatan bu qarshi hujum edi, Havers qanotdan to‘p uzatishda xatoga yo‘l qo‘ydi va Eriksen chapda tezlik olgan Reshfordni to‘p bilan ta’minladi, hujumchi Ben Uayt va Uilyam Saliba o‘rtasidan markazga ko‘chib, uzoq ustun tomon yo‘llagan zarbasi bilan Ramsdeylni dog‘da qoldirdi.

«Arsenal»ga javob golini urish uchun 35 soniya yetarli bo‘ldi. Yashil-oq rangli futbolkadagi futbolchilar («Yunayted» shu kuni maydonga noodatiy komplektda tushgandi) «kanonirlar» bir necha uzatma evaziga to‘pni jarima maydoni hududiga yetkazishini passivlik bilan kuzatib turishdi, Gabriel Martinelli esa eng muhim pasni uzatdi — to‘pni markazda turgan Martin Edegorga yumalatib berdi. Norvegiyalik futbolchi to‘pga bir teginishda zarba berib, Onanaga imkon qoldirmadi.

Umuman olganda, «MYu» jiddiy muammolarga duch keldi. Antoni Marsiyal maydonda bo‘lishidan yagona foyda —  Reshfordga chap qanotdagi sevimli pozitsiyasida o‘ynash imkonini berishdan iboratdek ko‘rinardi. Hujumning o‘ng qanotida esa braziliyalik Antoni borligi umuman sezilmadi. Viktor Lindelyof tanaffus arafasida qarshi hujumga chiqib ketgan Eddi Ntekiani ortdan chalib to‘xtatib qolganida uni qizil kartochkadan qutqargan yagona narsa, o‘ngroqda Lisandro Martines ham kelayotgani edi, aks holda mehmonlar qolgan vaqtni bir kishi kam bo‘lib o‘tkazishardi.

«Arsenal» ham imillab harakat qildi — mezbonlarning uzatmalariga keskinlik va aniqlik yetishmasdi, ayniqsa o‘ndan ortiq burchak zarbasidan birorta keskin vaziyat yaratilmadi. Shu bilan birga, bo‘lim oxirida Marsiyalning zarbasidan keyin Ramsdeyl qutqargan va qaytgan to‘pga Reshford zarba berganda Uayt to‘p yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lganidagi epizodga qaramay, ikkinchi bo‘lim ham «Arsenal» nazoratida o‘tishi sezilib turardi. Ammo mezbonlar bu ustunlikni golga aylantirishi talab etilardi.

O‘yinning bir soati o‘tib bo‘lganida Kay Havers jarima maydoniga yorib kirib, Aaron Van-Bissaka va Kazemiro o‘rtasida yiqilib, penalti ishladi. Bosh hakam avvaliga nuqtani ko‘rsatdi, ammo VAR aralashuvidan keyin jazo bekor qilindi — nemis hujumchi raqiblar unga tegishidan oldin yiqilishni boshlagani ma’lum bo‘ldi.

Ten Hagning muammolari esa faqat ortib bordi: Martines Nketia bilan kurashda jarohat oldi va maydonga Harri Maguayrni tushirishga to‘g‘ri keldi — angliyalik himoyachi mudofaa markazida Jonni Evans bilan juftlik hosil qildi. Mehmonlar uchun yagona ijobiy lahza — 72 million funtga sotib olingan Rasmus Hoylund Marsiyal o‘rniga hujum markaziga tushirilishi bo‘ldi.

Shiddatli yakun — Garnachoning bekor qilingan goli va qahramonga aylangan Rays

Mehmonlar to‘liq himoyalanishi bilan kechgan ikkinchi bo‘lim yakuni kutilmagan voqealarga boy bo‘ldi. Alexandro Garnacho jamoaga g‘alaba keltirganiga amin edi — zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan vinger 89-daqiqada hujumga o‘tgan Saliba to‘p yo‘qotganidan keyin Brunu Fernandeshning uzatmasiga ochildi va birga bir vaziyatdan sovuqqonlik bilan foydalanib, to‘pni Ramsdeylning yonidan o‘tkazib darvoza to‘riga joyladi. O‘tgan mavsumda Garnacho «Fulhem» bilan o‘yin oxirida gol urib, Erik ten Hagga «Yunayted» boshqaruvida Londonda qozonilgan yagona g‘alabani taqdim etgandi. O‘sha g‘alaba «Emireyts»dagi o‘yin oxiridagi voqealar tufayli yagonaligicha qoldi.

VAR tizimi Garnacho «kanonirlar» darvozasi tomon chopayotganida millimetrlik ofsaydga tushib qolgani haqida signal berdi. Videotakror «Arsenal»ning so‘nggi himoyachisi Gabriel Magalyaes qornini ortga tortishga ulgurganini ko‘rsatdi — uning shu harakati jamoani so‘nggi daqiqalardagi goldan va ehtimol mag‘lubiyatdan saqlab qolgandi.

Gol bekor qilinganidan keyin esa mezbonlar tashabbusni to‘liq o‘z qo‘liga oldi.

«Arsenal» o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarning oltinchisi o‘tayotganida yana bir bor to‘pni burchakdan kiritish imkoniyatiga ega bo‘ldi va Deklan Rays uzoq ustun tomonda yolg‘iz qoldirildi. Angliyalik tayanch yarimhimoyachisi to‘pga birinchi teginishda uni o‘ziga bo‘ysundirdi, keyin esa yaqinda zaxiradan tushgan Evansning yonidan o‘tkazib zarba berdi — bu holatda kichik rikoshet Onanaga imkon qoldirmadi.

Qo‘shib berilgan daqiqalar ichidagi to‘xtalishlar hisobiga o‘yin cho‘zilganida esa «Arsenal» qarshi hujumdan foydalandi: zaxiradan tushgan Gabriel Jyezus Diogu Dalotni bir fint bilan gazonga yotqizdi va intrigaga yakun yasadi — 3:1.

Statistika «Arsenal» ishonchli g‘alabaga o‘ynaganini ko‘rsatadi, ammo xG bo‘yicha 2,27 ko‘rsatkichi (darvozaga berilgan zarbalarning xavflilik darajasi hisoblab boriladigan koeffitsiyent )ning uchdan bir qismi Rays va Jyezusning qo‘shimcha daqiqalarda urgan gollariga to‘g‘ri keladi. Va baribir «kanonirlar» o‘yinning ko‘p qismini «Yunayted» hududida o‘tkazdi va ancha hujumkor salohiyat namoyish etdi. Mezbonlarning raqib jarima maydoni ichida 42 bor to‘pga teginishiga qarshi «qizil iblislar»da 19 teginish. Maydonning uchinchi qismi hududidagi uzatmalar soni bo‘yicha mezbonlar yaqqol ustunlikka erishgan — 47 ga qarshi 168.

«Manchester Yunayted» butun o‘yin davomida qarshi hujumlarga tayanib, pozitsion o‘ynashga harakat qilmadi. Bu taktika o‘zini oqlamadi deyish qiyin. Bu birinchi golda ham ish berdi, Markus Reshford ancha masofaga qochib ketgan va uzoq burchakni nishonga olgandi. Garnachoning bekor qilingan golida ham mehmonlarni muvaffaqiyatdan santimetrlar ajratib qoldi.

Mehmonlar bosh murabbiyi Erik ten Hag esa jamoadan g‘alabani tortib olishganiga amin: «Garnachoning bekor qilingan goli? U yerda ofsayd yo‘q edi, ofsayd chizig‘ini chizishda noto‘g‘ri burchak tanlandi. Hoylund yiqitilganda penalti bo‘lishi kerak edi va biz to‘p o‘tkazib yuborganimizda esa Evansga nisbatan aniq qoidabuzarlik bo‘ldi [Rays g‘alaba golini urganda] — bu gol inobatga olinmasligi kerak edi, yaqqol qoidabuzarlik».

«Arsenal» uchun rekord transfer bo‘lgan Rays 96-daqiqada urgan gol — «kanonirlar» va «qizil iblislar»ning APLdagi qarama-qarshiligi tarixida eng kech urilgan gol bo‘ldi. 89-daqiqada minimal ofsayd tufayli g‘alabadan mahrum bo‘lgan «Manchester Yunayted» esa grand jamoalarga qarshi safar o‘yinlaridagi omadsiz seriyani davom ettiradi.

«Qizil iblislar» o‘tgan mavsumdan buyon top-8 jamoalariga qarshi safar o‘yinlarida g‘alabaga erishmagan: 2022/23 yillar mavsumida mankunianliklar bunday yetti uchrashuvdan oltitasida mag‘lub bo‘lgan, «Tottenhem» bilan o‘yinda yagona ochkoga ega bo‘lgan. Noxush an’ana davom etadi — shimoliy Londonga ikkinchi safar (ikkinchi turda «shporlar»dan 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lingandi) ham klub uchun mag‘lubiyat bilan tugadi.

Emeri hech narsa qila olmadi

«Liverpul» – «Aston Villa» 3:0
Gollar:
1:0 – 3 Soboslai, 2:0 – 22, avtogol Kesh, 3:0 – 55 Saloh.
Liverpul – Alisson, Aleksander-Arnold (Kuansa, 71), Matip, Gomes, Roberson, Soboslai, Mak Allister (Endo, 87), Jons (Elliott, 65), Saloh, Dias (Diogu Jota, 65), Nunes (Gakpo, 65).
Aston Villa – Martines, Kesh, Konsa, Diyego Karlos (Beyli, 19; Dzaniolo, 65), Pau Torres, Din, Makginn, Kamara, Duglas Luis (Tilemans, 72), Diabi, Uotkins (Duran, 73).

Bahorda Unai Emeri «Enfild»dan g‘alaba bilan ketishga yaqin kelgandi, o‘shanda Roberto Firmino so‘nggi daqiqada «Aston Villa»ni g‘alabadan mahrum qilgandi (1:1). Bu safar esa birminghemliklarda ochko olish uchun hech qanday imkoniyat bo‘lmadi, Soboslai ilk daqiqalardanoq mezbonlarning kayfiyatini ko‘rsatib berdi. U uzoq masofalardan to‘pga kutilmagan trayektoriyada zarba berib gol urishi bilan tanilgan — darvozaga qaytgan Emiliano Martines joyidan qimirlashga ulgurmadi. Bu tezkor gol butun o‘yin ohangini belgilab berdi.

O‘yinda hisob o‘ta yirik bo‘lib ketishi ham mumkin edi, Saloh Nunes uchun ketma-ket vaziyatlar yaratdi, urugvaylik hujumchi esa bu vaziyatlarning barchasini yo‘qqa chiqardi. Bir safar to‘pni bo‘sh burchakka kirita olmaganida o‘zi ham kulib yubordi. Boshqa epizodlarda uning zarbalarini ustun va to‘sinlar o‘ziga qabul qildi. Ammo unga baribir omad kulib boqdi, uning zarbasidan keyin to‘p ustundan qaytganida ortdan kelayotgan himoyachi Keshga tegib, darvoza to‘riga borib tushdi.

Yakunda Nunes va Saloh shunchaki o‘rin almashib harakat qilishi to‘g‘ri bo‘lishi ma’lum bo‘ldi. Ular shunday qilishdi, ikkinchi bo‘limda to‘p burchakdan oshirib berilganida Darvin baland sakrab, to‘pni olis ustun oldiga yetib kelgan misrlik sherigiga tashlab berdi. Saloh so‘nggi o‘n o‘yinni gol yoki golli uzatmasiz tark etmayapti va bu APLda 2021 yildan buyon eng yaxshi seriya hisoblanadi. O‘shanda ham bunday seriya uning o‘zi tomonidan amalga oshirilgandi, u 15 tur davomida samarali harakat qilgandi.

Ispaniya: Madriddagi bo‘ron

La ligada tur dasturi noqulay ob-havo tufayli qisqardi. Madridda shtorm va so‘nggi yarim asrdagi eng kuchli yog‘ingarchilik prognoz qilingandi, shu tufayli dam olish kunlarida liganing eng shiddatli bahsi bo‘lishi kutilgan «Atletiko» va «Sevilya» to‘qnashuvi keyinga qoldirildi.

«Osasuna» – «Barselona» 1:2
Gollar:
0:1 – 45 Kunde, 1:1 – 76 Chimi Avila, 1:2 – 85, penalti Levandovski.
Osasuna – Fernandes, Areso (Vidal, 80), Katena, Errando, Xuan Krus, Ruben Garsiya (Barxa, 61), Oros, Munyos, Ibanes (Monkayola, 72), Raul Garsiya (Budimir, 62), Arnais (Chimi Avila, 62).
Barselona – ter Stegen, Serji Roberto (Joau Kanselu, 59), Kristensen (Martines, 90), Kunde, Balde, Gundo‘g‘an, Romeu (Joau Feliks, 80), de Yong, Gavi, Yamal (F.Torres, 59), Levandovski (Rafinya, 90).
Chetlatish: Katena (84).

«Osasuna»ga qarshi safar o‘yinlari — doimo «Barselona» uchun jiddiy sinov bo‘lib kelgan, shu tufayli Xavi tavakkal qilishni istamadi va jamoaning yangi futbolchilari Joau Feliks hamda Joau Kanseluni zaxirada qoldirdi. Qolaversa, bu futbolchilar hali boshlang‘ich tarkib uchun munosib ekanini isbotlashi ham kerak, tarkib esa qator iste’dodlar bilan to‘la. Bu mavsumda porlayotgan Yamaldan tashqari yakshanba kuni ko‘k-anorranglilar futbolkasidagi yubiley 100-o‘yinida maydonga tushgan Gavi kabi tajriba to‘plab ulgurgan yoshlar ham bor. Bu futbolchining unikalligini raqamlar ham tasdiqlaydi, u top-5 ligalarda 2004 yilda tug‘ilgan futbolchilar orasida bunday yubiley nuqtaga yetgan ilk futbolchiga aylandi, shuningdek, klub tarixida bu ishni uddalagan eng yosh futbolchiga aylandi - 19 yoshu 29 kunlik. Bungacha bu rekord Boyan Krkichga tegishli edi (19 yosh 85 kun).

O‘yin esa kutilganidek keskin ruhda kechdi. Amaldagi chempionlar pamplonaliklar darvozasini faqat birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalardagina ishg‘ol etishga erishdi - Kunde Gundo‘g‘anning burchakdan uzatgan to‘piga bosh bilan zarba berdi. Bu vaziyatda fransuz himoyachi sakrayotganida raqibni yengil turtib yubordi va u gazonga qulab, yuzini ushlagancha dumalay boshladi. Ammo Ibanesning bu harakatlari VAR davrida befoyda edi.

«Osasuna» oxirigacha kurashdi. Mudofaada ham -  Levandovskining zarbasini darvozabon chiziq ustida to‘xtatdi - hujumda ham. Maydon egalarida gol urish uchun birinchi bo‘limda ham vaziyatlar bo‘lgandi, yakunda bu ishni Avile uddaladi, Ter Shtegen uning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasiga tomoshabin bo‘lib qoldi. Shundan keyingina Xavi Oriol Romeu o‘rniga Feliksni tushirdi. Ko‘p o‘tmay Levandovski raqib bilan kontaktdan keyin yiqilib, penalti ishladi.

Bosh hakam monitorga yaqinlashganidan keyin ham qarorini o‘zgartirmadi, Levandovski esa imkoniyatdan foydalandi. Bu 11 metrlik zarbasi hali yana muhokama qilinishi aniq, qolaversa, o‘yin oxirida Inigo Martines jarima maydoniga kirishda «Osasuna» futbolchisini ushlab qolganida mezbonlar foydasiga qaror chiqarilmadi. Ha, u qo‘lini tezda tortib oldi, ammo bu holatdan keyin hakamlarning grandlarga simpatiya bildirishi haqidagi nazariya tarafdorlari yanada ko‘paydi.

La liga turnir jadvalida 4-turdan keyingi vaziyat: Kutilmaganda «Jirona» kuchli to‘rtlikda bormoqda.

Italiya: Tyuramlar oilasi vakili yana A seriyada gol ura boshladi

«Inter» – «Fiorentina» 4:0
Gollar:
1:0 – 23 Tyuram, 2:0 – 53 Martines, 3:0 – 58, penalti Chalxano‘g‘li, 4:0 – 73 Martines.
Inter – Zommer, Dumfris (Kuadrado, 70), Darmian, de Vrey, Bastoni, Dimarko (Karlos Augusto, 70), Mxitaryan, Chalxono‘g‘li (Aslani, 78), Barella (Frattezi, 59), Tyuram (Arnautovich, 70), Martines.
Fiorentina – Kristensen, Dodo, Milenkovich, Raniyeri, Biragi, Bonaventura (Brekalo, 55), Mandragora, Artur (Amatuchchi, 75), Gonsales (Infantino, 55), Kuame (Sottil, 46), Beltran (Nzola, 46).

«Inter» tom ma’noda «Fiorentina» mudofaasini parokanda qilib yubordi, florensiyaliklar barcha kuch va hissiyotlarini yevrokubok o‘yinida qoldirgani sezilib qoldi, jamoa o‘tgan turda dramatik tarzda Konferensiyalar ligasi turnirining guruh bosqichiga yo‘llanma olgandi. Milanliklar avvaliga chap qanotdan hujum qilishga e’tibor qaratdi va Dimarkoning navbatdagi uzatmasi hisobni ochishga yordam berdi. Bu hujum raqib tor-mor etilishini boshlab berish bilan birga Tyuramning benefisiga sabab bo‘ldi. Markus A Seriyadagi gollari hisobini o‘zining taniqli otasi Lilian Tyuramning oxirgi golidan 7602 kun o‘tib ochdi, keyin esa Lautaro Martinesga assistentlik qildi va penalti ham ishladi. Umuman olganda, u «neradzurrilar» mavsumni uch quruq g‘alaba bilan boshlashida o‘z hissasini qo‘shdi (uch o‘yinda jami 7:0).

«Empoli» – «Yuventus» 0:2
Gollar:
0:1 – 24 Danilo, 0:2 – 82 Kiyeza.
Aniq ijro etilmagan penalti: 39, Vlahovich
Empoli – Berisha, Bereshinski, Luperto, Valyukevich, Petssella, Marin (Kovalenko, 72), Male, Fatssini (Grassi, 61), Baldansi (Kancheliyeri, 61), Kambiyagi (Jasi, 83), Kaputo (Destro, 72).
Yuventus – Perin, Danilo, Bremer, Gatti, Makkenni (Vea, 84), Kostich (Kambiyazo, 71), Rabio, Lokatelli, Miretti (Pogba, 62), Kiyeza (Kin, 83), Vlahovich (Milik, 71).

Chempionat autsayderi «Empoli» nafaqat «Yuventus»ni, balki butun Italiyani hayratga solib, startdagi uch turda uch darvozabon bilan o‘ynadi. Maydon egalarining yangi a’zosi Berisha esa o‘yin startida, burchakdan to‘p uzatilgan vaziyatda gol o‘tkazib yuborgandi, ammo arbitr bu vaziyatda mehmonlar sardori Danilo darvozabonga xalal berganini qayd etib, golni bekor qildi. Braziliyalik himoyachi esa uning qarorini kinoya bilan qarshiladi va birinchi bo‘lim o‘rtalarida yana bir bor burchak zarbasi amalga oshirilganda raqib jarima maydoni ichidagi tartibsizlikdan foydalanib, hisobni ochdi. Umuman olganda, mezbonlar birinchi bo‘limda yirik hisobda ortda qolishi ham mumkin edi, ammo Berisha Vlahovichning 11 metrlik nuqtadan yo‘llagan zarbasini qaytardi.

Faqat bu natijaga ta’sir qilmadi, shu kuni turinliklarning boshqa forvardlari samaraliroq bo‘lishdi. «Empoli» futbolchilari hujumga o‘tib ketganida, to‘pga ega chiqqan Milik shunday pas berdiki, Kiyeza jarima maydonini tark etib chiqib kelgan darvozabonni aldab o‘tdi va bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi. Bu vaqtda «keksa siniora» odatdagi kabi 1:0 hisobidagi ustunlikni saqlash uchun o‘ynayotgandi. Massimiliano Allegri shogirdlari yil boshidan buyon sakkiz o‘yinda darvoza daxlsizligini saqlab qolgan, bu top-5 ligalarda «Latsio» bilan birgalikdagi eng yaxshi natija.

Germaniya: Berlin uchun shok

«Union» – «RB Leypsig» 0:3
Gollar:
0:1 – 51 Simons, 0:2 – 85 Sheshko, 0:3 – 87 Sheshko.
Union – Rennov, Yuranovich (Trimmel, 71), Knohe, Diogu Leyte, Duki, Gozens (Kaufmann, 86), Kral, Layduni (Haberer, 71), Folland, Berens (Russiyon, 86), Fofana (Hollerbah, 61).
RB Leypsig – Blasvix, Henrihs (Lukeba, 88), Orban, Simakan (Klostermann, 67), Raum, Kampl, Shlager, Olmo, Simons (Forsberg, 88), Poulsen (Sheshko, 75), Openda (Baumgartner, 75).
Chetlatish: Folland (64, U).

Turning markaziy o‘yinida mavsumni o‘ta kuchli boshlagan «Union» «Leypsig»ning tizimli o‘yini qurboni bo‘lib, «Bayyer» va «Bavariya»ga yetib olish imkonini boy berdi. Dastlabki ikki turda sakkiz gol urgan berlinliklar bu o‘yinda birorta gol ura olmadi, ikkinchi bo‘lim boshida esa Chavi Simonsning yuqori burchakka aniq yo‘llagan zarbasini qabul qilib olishdi. Gap faqat mehmonlar ustozi Marko Rozening to‘g‘ri tarkib va taktika tanlaganida emas, balki mezbonlar ustozi Urs Fisher kadrlar muammosini oxirigacha hal qila olmaganida bo‘ldi.

«Union» lazareti hozirda to‘lgan, bemorlar orasida to‘purar himoyachi Duki va o‘tgan mavsumning eng yorqin futbolchilaridan biri Bekker ham bor. O‘tkazib yuborilgan goldan ko‘p o‘tmay maydon markazidagi fol uchun Folland qizil kartochka oldi. Ko‘pchilik bo‘lib olgan «Leypsig» esa «Zalsburg»dan olib kelingan forvard Sheshkoning harakatlari bilan hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. 20 yoshli sloveniyalik avvaliga o‘zi raqib mudofaasi qarshiligini yengib darvozani ishg‘ol etdi, keyin esa Dani Olmoning dohiyona pasidan keyin boshi bilan gol urdi.

Fransiya: parijliklar qudrati

«Lion» – «PSJ» 1:4
Gollar:
0:1 – 4, penalti Mbappe, 0:2 – 20 Hakimi, 0:3 – 38 Asensio, 0:4 – 45 Mbappe, 1:4 – 74, penalti Tolisso.
Lion – Antoni Lopesh, Mata, Chaleta-Tsar, Diomande, Talyafiko, Tolisso (Lepenan, 80), Meytlend-Naylz, Kakre, Sherki (Alvero, 76), Kadevere (Balde, 46), Nuama (Jyeffinio, 76).
PSJ – Donnarumma, Hakimi, Markinos, Shkrinyar, Ernandes, Ugarte (Ruis, 75), Vitinya, Zair-Emeri, Dembele (Barkolya, 75), Asensio (Ramush, 75), Mbappe.
Ogohlantirishlar: Tolisso (3), Ernandes (48), Meytlend-Naylz (58), Zair-Emeri (73).

Mavsum startidagi o‘yinlarda foydasiz to‘p nazorati uchun tanqidga uchragan «PSJ» birinchi g‘alabadan keyin yana yorqin o‘yin namoyish eta boshladi. Parijliklar «Lion» mudofaasini tom ma’noda parchalab tashladi. Tezda penalti ishlandi, keyin ikkinchi gol urildi, Mbappe Dembelening qanotdan uzatmasiga yeta olmagandi, ammo hujum Hakimining goli bilan yakunlandi. Chempionlar tom ma’noda maydonda hukmronlik qilishdi, tovon orqali berilgan uzatmalar bilan raqibni yosh bola qilishdi va hujumlardan yana biri Hakimining kuchli zarbasi darvoza to‘siniga tegishi bilan yakunlandi.

«Lion» maydon egasi kimligini eslab qolgan pallalar ham bo‘ldi, ammo Donnarumma o‘z ishini to‘g‘ri bajardi, bo‘lim oxiriga borib esa Asensio hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi. Ispaniyalik yarimhimoyachi avvaliga o‘zi gol urdi, keyin Mbappega assistentlik qildi. Mohiyatan birinchi bo‘limdan keyin o‘yinni to‘xtatsa ham bo‘lardi. Tanaffusga qadar 0:4 — «Lion»da bunday holat 1966 yildan buyon kuzatilmagandi. Ikkinchi bo‘limda esa o‘z tarixidagi eng yomon startni qayd etayotgan mezbonlar (4 o‘yinda 1 ochko) yanada kamsitildi, Luis Enrike transferlar oynasining so‘nggi kunlarida «Lion»dan sotib olingan Barkolani maydonga chiqardi.

Kun statistikasi

  • Reshford van Persidan keyin «MYu»ning «Arsenal»ga qatorasida 3 o‘yinda gol urgan ikkinchi futbolchisi bo‘ldi.
  • Bundesliga tarixida ikkinchi bor 3-turda yuzdan ortiq gol urildi. Bunday samaradorlik oxirgi bor 1984/85 yillar mavsumida kuzatilgandi.
  • «Ayaks»da bir o‘yinda 5 nafar yangi futbolchi tushdi, bunaqasi oxirgi bor 2007 yilda ro‘y bergan.
  • «Arsenal» 2023 yilda 7 bor darvoza sohasiga aniq borgan birinchi zarbadan keyinoq gol o‘tkazib yubordi.
  • «Zalsburg» 17 o‘yindirki «Rapid»ga yutqazmayapti. Avstriya bundesligasida biror klub venaliklar uchun bunday muammo tug‘dirmagan.
  • 95:43 — «Arsenal» va «MYu» qarama-qarshiligida eng kech urilgan gol vaqti.
Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid