Jahon | 09:47 / 07.09.2023
3360
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga yana 1 milliard dollarlik yordam ajratadi 

Entoni Blinken Ukrainaga urush boshlanganidan beri to‘rtinchi bor keldi. U 1 milliard dollarlik yangi yordam paketi taqdim etilishini e’lon qildi.

Foto: STR/NurPhoto

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 6 sentabr, chorshanba kuni rasmiy, ammo e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga keldi. Uning kelishi Vashington Ukraina Qurolli kuchlarining uch oydan beri davom etayotgan qarshi hujumini qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolatdir. «Biz Ukrainada o‘ziga kerak bo‘lgan hamma narsa borligiga ishonch hosil qilishni istaymiz – nafaqat qarshi hujumda muvaffaqiyat qozonish, balki uzoq muddatda ham to‘xtatuvchi kuchga ega bo‘lishiga ishonch hosil qilish uchun», — dedi AQSh Davlat departamenti rahbari Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan Kiyevdagi uchrashuvda.

Blinkenning so‘zlariga ko‘ra, Vashington «kuchli iqtisodiyot, kuchli demokratiyani barpo etayotgan va tiklayotgan hamkorlar» bilan aloqani davom ettirishga qat’iy qaror qilgan. Kiyevga kelgach, Entoni Blinken Dmitriy Kuleba bilan birga Berkovets qabristoniga tashrif buyurdi va u yerda halok bo‘lgan ukrainaliklar xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Ukrainalik jurnalist Ilya Ponomarenko Davlat departamenti rahbariga Ukraina hududlarini minalardan tozalashda ishtirok etgan dunyoga mashhur Patron iti ko‘rsatilgan videoni e’lon qildi. 

Blinken Kiyevga 1 milliard dollarlik yordam paketi taqdim etilishini ma’lum qildi

Ukrainada Blinken AQShning mamlakatga qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan yangi yordam paketi taqdim etilishini e’lon qildi, deb yozadi Reuters AQSh tashqi siyosatidagi yuqori lavozimli amaldorga tayanib. 

Entoni Blinken «Kiyevda kunni Berkovets qabristonida halok bo‘lgan qahramonlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirishdan boshlagan boshqa davlatning birinchi tashqi ishlar vaziri bo‘ldi», deb yozdi Dmitriy Kuleba ijtimoiy tarmoqlarda. «Bu bizning erkinligimiz va yashash huquqimiz uchun jonini fido qilgan barcha ukrainalik askarlarga hurmat belgisidir», — deya qo‘shimcha qildi u. 

Blinken Ukrainada ikki kun bo‘ladi 

AQSh davlat kotibi Ukraina hujumi boshlangan iyun oyidan beri Kiyevga tashrif buyurgan birinchi yuqori martabali Oq uy mulozimidir. Blinken kecha ertalab Kiyevga poyezdda yetib keldi. Bu uning Ukrainaga to‘liq miqyosli Rossiya harbiy harakatlari boshlanganidan beri to‘rtinchi tashrifidir. U mamlakatda ikki kun qoladi va Volodimir Zelenskiy bilan ham uchrashadi. Shuningdek, Kiyevdagi muzokaralarda Ukraina Qurolli kuchlarining davom etayotgan qarshi hujumi, Ukraina armiyasi ehtiyojlari va qish mavsumi oldidan energetika infratuzilmasini mustahkamlash masalalari muhokama qilinadi. «Biz uchun asosiysi - ukrainaliklarning o‘zidan haqiqiy vaziyat bo‘yicha ma’lumot olish», dedi Reuters agentligiga manba. 

Ommaviy axborot vositalarida Entoni Blinkenning Ukrainaga tashrifi ehtimoli haqida bir kun avval norasmiy ma’lumotlar tarqalgandi, biroq AQSh Davlat departamenti bu ma’lumotga izoh berishdan bosh tortdi. 6 sentabrga o‘tar kechasi Ukraina shaharlari, jumladan, Ukraina poytaxti raketa va dronlardan foydalangan holda ommaviy o‘qqa tutildi. Havo hujumi haqida trevoga signali Blinken kelishidan bir necha soat oldin o‘chirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid