Jahon | 15:50 / 07.09.2023
19026
7 daqiqa o‘qiladi

«Makdonalds»da ovqatlangan Blinken va bozorga zarba oqibatlari. Urush suratlari

Ukrainada urushning 560-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:

  • Rossiya qo‘shini Donetsk oblastining Konstantinovka shahrini o‘qqa tutdi. 16 kishi halok bo‘lib, 33 kishi jarohat olgan.
  • AQSh Ukrainaga Abrams tanklari uchun  kuchsizlantirilgan uranli snaryadlar yetkazib berishini ma’lum qildi.
  • RF mudofaa vazirligi mahkumlarni «alohida harbiy hisob»ga qo‘yishni — ya’ni Harbiy ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi Nizomdan ozodlikni mahrum etish jazosini o‘tayotgan fuqarolarni harbiy ro‘yxatga olishdan ozod qiluvchi kichik bandni chiqarib tashlashni taklif etdi. «Alohida harbiy ro‘yxat» axloq tuzatish muassasalarida yuritiladi.
  • Oliy Rada Rustem Umerovni Ukrainaning yangi mudofaa vaziri etib tayinladi. Umerov bu lavozimda 2021 yil noyabridan buyon ishlab kelgan Oleksiy Reznikov o‘rnini egalladi.
  • AQSh Davlat departamenti rahbari Entoni Blinken Kiyevga keldi. Tashrif yakunida u AQSh sanksiyaga tushgan rossiyalik biznesmenlarning aktivlarini Ukrainaga berishini ma’lum qildi. Bundan tashqari, AQSh Ukrainaga milliard dollarlik yordam paketi ajratadi.
  • Zaporijjya oblastining okkupatsiya ma’muriyati rahbari Balitskiy RF qo‘shinlari Rabotinedan «taktik chekingani»ni ma’lum qildi.

Kun voqeasi. Konstantinovkaga zarba

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 6 sentabr kuni Donetsk oblastining Konstantinovka shahriga raketa zarbasi berilganini xabar qildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 16 kishi halok bo‘lib, 33 kishi yaralangan. Zelenskiy zarba kelib tushgan joyda harbiy qism bo‘lmaganini urg‘ulagan: «Ular qasddan bozorni nishonga olib zarba berishdi. Shunchaki bozor, do‘konlar, dorixonalar bo‘ylab zarba yo‘llashdi. Men o‘z jamoam bilan ko‘p bor Konstantinovkada bo‘lganman, kim u yerni yaxshi bilsa, tushunadiki, u yer shunchaki tinch fuqarolar joyi edi. Uning yaqinida hech qanday harbiy qism bo‘lmagan», — dedi Zelenskiy.

Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal qurbonlar orasida yosh bola ham borligini xabar qildi. 20 do‘kon, elektr uzatish liniyasi, ma’muriy bino va turar joy binosining beshinchi qavati shikastlangan. Bir qancha yengil avtomobillar hamda sakkizta savdo obekti to‘liq yonib ketgan. Prokuratura urush qonunlari va urf-odatlarini buzish to‘g‘risidagi modda bo‘yicha tergov harakatlari boshlangan. Rossiya zarba yuzasidan hech qanday izoh bermadi.

Aviazarba chog‘ida yerga yotib olgan konstantinovkaliklar
Alex Babenko / EPA / Scanpix / LETA
Otishmadan keyin yong‘in chiqqan bozor hududidagi jasadlar
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Ukrainalik harbiy xizmatchi paramediklarni chaqirmoqda. Uning ortida jasadlar
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Yaradorlarga birinchi yordamni ko‘rsatayotgan shifokorlar
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Halok bo‘lgan ayolning yurak urishini tekshirib ko‘rayotgan erkak
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Konstantinovka bozori hududida qon izlari
Alex Babenko / EPA / Scanpix / LETA
Otishma vaqtida halok bo‘lgan kishi jasadini olib ketayotgan shifokorlar
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA
Konstantinovkada reklama plakati oldida yotgan ayol jasadi
Evgeniy Maloletka / AP / Scanpix / LETA

Blinken Kiyevdagi «Makdonalds»da

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 6 sentabr tongida Kiyevga tashrif buyurdi. U Amerika elchixonasiga kirib chiqqanidan so‘ng Ukraina TIV rahbari Dmitro Kuleba bilan Berkovetske qabristoniga borib, Rossiya bosqinini qaytarishda halok bo‘lgan ukrain jangchilarining qabrlarini ziyorat qildi. Bundan tashqari, ular birgalikda «Makdonalds»da ovqatlanishdi. Bu AQSh davlat kotibining keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon Kiyevga uchinchi bor rasmiy tashrif bilan kelishi bo‘ldi.

Kiyevga tashrif yakunida Blinken AQSh birinchi marta sanksiyaga tushgan rossiyalik biznesmenlarning musodara qilingan aktivlarini Ukrainaga topshirishi haqida e’lon qildi. Xususan, Konstantin Malofeyevning besh million dollari urush faxriylari reabilitatsiyasi uchun yo‘naltiriladi. Shuningdek, u AQSh Ukrainaga yana 1 milliard dollar miqdoridagi harbiy yordam paketi yuborishini va’da qildi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba va AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Kiyevdagi Makdonalds oshxonasida
Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiyaliklarning shinalar bilan himoyalangan bombardimonchisi 

Maxar sun’iy yo‘ldoshi tasviri. Unda Rossiyaning Saratov yaqinidagi Engels aviabazasida turgan Tu-95 strategik bombardimonchisining qanotlari shinalar bilan qoplanganini ko‘rish mumkin. Rossiyalik harbiylar shu yo‘l bilan harbiy samolyotlarni ukrain dronlaridan tashlanadigan o‘q-dorilardan himoyalashga harakat qilmoqda. 30 avgustga o‘tar kechasi dronlarning Pskovdagi Kresti aviabazasiga hujumi oqibatida Il-76 rusumli to‘rtta harbiy-transport samolyoti shikastlangan va yo‘q qilingandi. 
Maxar Technologies / AP / Scanpix / LETA

Ukraina frontining turli chekkalaridan suratlar

Rostov-na-Donga dronlar hujumi oqibatlari

Mahalliy rasmiylar va RF mudofaa vazirligi 7 sentabrga o‘tar kechasi shaharda ukrainlarning ikki droni urib tushirilgani haqida xabar berdi. Region gubernatori Vasiliy Golubevga ko‘ra, dronlardan biri Rostov-na-Donning g‘arbiy qismiga, ikkinchisi esa — shahar markaziga qulagan. OAV xabar berishicha, dronlardan biri Janubiy harbiy okrug shtabi yaqinida portlagan.

Hujum natijasida uchta bino fasadi shikastlangan va deraza oynalari sinib ketgan. Shuningdek, atrofda turgan bir necha yengil avtomobillar shikastlangan. Bir kishi oyog‘idan jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizilgan. Dron qulagan joyda favqulodda holat rejimi joriy etilgan.

Sergey Pivovarov / Reuters / Scanpix / LETA
EPA / Scanpix / LETA
AFP / Scanpix / LETA

Mavzuga oid