Xitoylik amaldorlarga ish joyida iPhone'dan foydalanish taqiqlandi
Xitoy markaziy hukumati idoralari rasmiylariga ish maqsadida va ish joyida iPhone telefonlari va xorijiy kompaniyalarning boshqa gadjetlaridan foydalanish taqiqlandi, deya xabar tarqatdi Wall Street Journal.
Nashrga ko‘ra, bu boradagi topshiriq oxirgi haftalarda markaziy idoralarning xodimlariga o‘z rahbarlari tomonidan ishga oid chat-guruhlar va uchrashuvlarda berilgan. Bunday topshiriqlar qanchalik keng yoyilayotgani ma’lum emas.
Bu taqiq keyingi haftada Apple kompaniyasining yangi mahsulotlari, xususan iPhone 15 taqdimoti kutilayotgan bir vaqtda joriy etildi. Bu holat Xitoyda faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniyalarda turli xavotirlarni uyg‘otishi mumkinligi aytilyapti.
South China Morning Post nashrining yozishicha, bu cheklov hammaga emas, faqatgina investitsiyalar, savdo va xalqaro munosabatlar bilan bog‘liq muayyan vazirliklar xodimlariga taqalluqli. Ular shu oy oxirigacha iPhone'laridan voz kechishlari kerak. Cheklov boshqa xorijiy brendlarning smartfonlariga nisbatan amal qilmaydi.
Bloomberg xabariga ko‘ra, davlat idoralarida joriy etilayotgan Apple mahsulotlariga taqiq davlat kompaniyalarida ham joriy etilishi reja qilingan.
Reuters'ning qayd etishicha, Xitoy 10 yildan ortiqroq vaqtdan beri xorijiy texnologiyalarga bog‘liqligini kamaytirishga intilyapti. Mamlakatda davlat ishtirokidagi korxonalar, xususan banklardan mahalliy dasturiy mahsulotlarni ishlatish so‘raladi. Chin hukumati, shuningdek, mahalliy yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish sanoatini qo‘llab-quvvatlashga urg‘u bermoqda.
Pekin xorij texnologiyalaridan mustaqil bo‘lishga intilish kampaniyasini 2020 yilda faollashtirdi: o‘sha yili mamlakat rahbarlari “dual sirkulyatsiya” deb nomlangan o‘sish modelini taqdim etdi. Bu modelga ko‘ra, Xitoy asosiy e’tiborini ichki bozorni innovatsion-texnologik rivojlantirishga qaratadi, shu bilan birga tashqi dunyoga ochiqligicha qoladi. Tahlilchilar bu siyosat fonida Chin hukumatining axborot xavfsizligi bo‘yicha xavotirlari oshganini aytmoqda.
Mavzuga oid
23:34 / 19.11.2024
Olimlar Oyning orqa tomonidan olingan tuproq namunalarini o‘rgandi
22:10 / 19.11.2024
Xitoy kosmik stansiyasida tajribadan o‘tgan zaytun danaklari Yerda unib chiqdi
19:03 / 19.11.2024
Honkongda 2019 yilgi norozilik namoyishlarining 45 nafar yetakchisiga hukm o‘qildi
18:56 / 19.11.2024