Jahon | 10:55 / 08.09.2023
2841
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga 600 million dollarlik harbiy yordam yuboradi

Mudofaa vazirligi Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi (USAI) orqali yangi yordam paketini ajratmoqda, deb xabar berdi Pentagon.

Foto: Reuters

Amerika Qo‘shma Shtatlari Ukrainaga 600 million dollarlik yordam paketini taqdim etadi, unga Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini ta’minlash uchun jihozlar hamda artilleriya snaryadlari kiradi. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi o‘rinbosari Sabrina Singx payshanba kuni ma’lum qildi.

«Bugungi kunda Mudofaa vazirligi Ukrainaning jang maydonidagi ehtiyojlarini qondirish uchun Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi (USAI) orqali yangi yordam paketini taqdim etmoqda. Ushbu 600 million dollarlik yordam paketi Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash uchun uskunalar, artilleriya snaryadlari va boshqa narsalarni o‘z ichiga oladi», - dedi u brifingda.

Pentagon press-reliziga ko‘ra, yordam paketiga HIMARS yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun o‘q-dorilar, 105 millimetrli artilleriya snaryadlari, elektron urush va unga qarshi uskunalar, to‘siqlar va minalardan tozalash qurollari hamda Ukraina harbiylarini o‘qitish uchun uskunalar kiradi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid