Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyada ukrainalik bolaga suiqasd qilingani haqidagi versiya tasdiqlanmadi
Tergov noma’lum shaxs Aynbekdagi ko‘prikdan 10 yoshli bolani kanalga uloqtirib yuborgan deb hisoblagandi. Yangi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, bola notanish odam bilan to‘qnashuvdan oldin kanalda o‘ynab jarohat olgan.
Aynbek shahrida (Quyi Saksoniya) ukrainalik 10 yoshli bolani qasddan o‘ldirishga urinish bo‘yicha jinoiy ishni tubdan o‘zgartiruvchi yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Gyottingen prokuraturasi 7 sentabr, payshanba kuni ma’lum qilishicha, tergovchilar rusiyzabon erkak bolaga hujum qilib, uni ko‘prikdan kanalga uloqtirgani haqidagi versiyani tasdiqlay olmadi.
Bolaning o‘zi jarohat olgan va suvga tushmagan
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘smir kanalning o‘zida o‘ynab yurgan vaqtida shisha bo‘lagi yoki boshqa o‘tkir buyum bilan jarohatlangan va keyinroq rus tilida so‘zlashuvchi erkak bilan janjal kelib chiqqan. Bolalar hazillashib so‘kingan, biroz vaqt o‘tgach, noma’lum shaxs ularga yaqinlashib, rus tilida gapirgan, ular buni tushungan, deyiladi xabarda. Ular erkakning g‘azabini qo‘zg‘atgan, ular o‘rtasida janjal kelib chiqqan.
10 yoshli bola kanaldan temir tayanchlarga chiqa boshlaganida, erkak go‘yoki bolani futbolkasidan ushlab olgan. Politsiyaning taxminiga ko‘ra, shu sababli u muvozanatni yo‘qotib, chuqurligi taxminan 20 santimetr bo‘lgan suvga tushgan. Biroq o‘zini suvga itarib yuborishgandek taassurotga ega bo‘lgan bola, qayta ko‘rib chiqilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kanalga tushib ketmagan.
Erkak haqiqatan ham shishani kanalda yotgan o‘smir tomon tashlagan, deya qo‘shimcha qildi prokuratura. Biroq, tergovchilar bola nishonga olinganmi yoki shisha tasodifan tegib ketganmi, buni aniqlay olishmadi.
Ota-onasining kir bo‘lgan kiyimga reaksiyasidan qo‘rqish
Qotillikka suiqasdning asosiy versiyasi guvohlarning so‘zlariga, ko‘prikning po‘lat ustunlaridagi qon dog‘lari va shifoxona ma’lumotiga asoslangan edi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, bolaning birinchi ko‘rsatmasi yolg‘on bo‘lib chiqqan, chunki u o‘yin vaqtida kir bo‘lgan kiyim va oyog‘i jarohatlanganiga ota-onasining munosabatidan qo‘rqqan, deya ta’kidlaydi dpa agentligi.
Dastlab Gyottingen prokuraturasi noma’lum shaxs bir guruh ukrainalik bolalarga yaqinlashib, ular rus tilida gapirishi kerakligini aytganini ma’lum qilgan. Shunda erkak ularga hujum qilib, 10 yoshli bolani ko‘prik panjarasidan oshib, kanalga uloqtirgan, so‘ng kanalda yotgan bolaga shisha butilkani uloqtirib, voqea joyidan qochib ketgan.
Yangi ma’lumotlardan kelib chiqib, ish yopiladi, deb xabar berdi prokuratura. Idora bolalar bilan janjal qilgan erkakning shaxsini aniqlash imkoniyati bo‘yicha javob taqdim etmadi.
Mavzuga oid
18:08 / 09.06.2026
Istanbulda o‘zbekistonlik 6 yoshli bola tramvay ostida qolib, vafot etdi
22:35 / 17.05.2026
Xitoyda 11-qavatdan qulagan bola tirik qoldi
15:26 / 05.05.2026
“Hojatxona izlab, transformatorga kirib qolgan” – Mingbuloqda tok urgan bola qo‘llaridan ayrildi
09:12 / 20.04.2026