17:42 / 09.09.2023
27908

Jahon tillari universitetiga yangi rektor tayinlandi

O‘zbekistonda 2 ta oliy ta’lim muassasasiga yangi rektorlar tayinlandi. Ilhom To‘xtasinov O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori, Jahongir Qarshiboyev Guliston davlat pedagogika instituti rektori sifatida ish boshladi.

Foto: Oliy ta’lim vazirligi

Ilhomjon Madaminovich To‘xtasinov O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining rektori etib tayinlandi va shu munosabat bilan Samarqand davlat chet tillari institutining rektori lavozimidan ozod etildi.  

To‘xtasinov 1980 yilda tug‘ilgan, pedagogika fanlari doktori, professor. 

«I.To‘xtasinovning jami ilmiy-uslubiy ishlari 138 tani tashkil etib, uning muallifligida 10 ta darslik, 6 ta monografiya, 84 ta o‘quv va uslubiy qo‘llanma nashr etilgan. 19 ta patent va guvohnomalar olingan. Xalqaro ilmiy texnik bazalardagi jurnallarda uning 9 ta maqolasi nashr etilgan bo‘lib, “Xirsh indeksi” 19 ni tashkil etadi. Shuningdek, u tomonidan 18 ta o‘zbek tilidagi mashhur asar va romanlar ingliz tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan. 

I.To‘xtasinov rahbarligida so‘nggi 2 yilda 7 nafar professor, 9 nafar fan doktori (DSc), 25 nafar dotsent va 48 nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan. Shu bilan birga, uning ilmiy rahbarligida 12 nafar falsafa fanlari doktori (PhD) va 2 nafar fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan.

To‘xtasinov Ilhomjon Madaminovich rahbarligida Samarqand davlat chet tillar instituti respublikaning 28 ta OTMi qatorida «World University Rankings – 2023» xalqaro reytingida «reportyor» maqomiga ega bo‘ldi.

I.To‘xtasinovning tashabbusi bilan xalqaro aloqalar bo‘yicha 89 ta yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurti bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi, so‘nggi 2 yilda 74 nafar xorijiy mutaxassis institutga jalb qilindi», deyiladi oliy ta’lim vazirligi xabarida.

Ilhom To‘xtasinov O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetini tamomlagan. U mehnat faoliyatini Jahon tillari universitetida boshlab, ingliz tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi, tarjima nazariyasi va
amaliyoti fakulteti dekani, ingliz tili II fakulteti dekani bo‘lgan.

2015-2016 yillarda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti huzuridagi chet tillarini o‘qitishning innovatsiyaviy metodikalarini rivojlantirish Respublika ilmiy-amaliy markazining direktori-prorektor sifatida ishlagan. 2016 yildan hozirgi vaqtga qadar Samarqand davlat chet tillar instituti rektori sifatida ishlab kelgan.

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga 2020 yil avgustidan rektorlik qilgan Ulug‘bek Azizov 2022 yilning dekabr oyi oxirida ishdan olingandi

Shuningdek, Jahongir Hazratqulovich Qarshiboyev Guliston davlat pedagogika insituti rektori etib tayinlandi.

Jahongir Qarshiboyev

J. Qarshiboyev 1980 yilda tug‘ilgan, tayinlovga qadar Guliston davlat pedagogika institutida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor va boshqa turli mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan. Biologiya fanlari doktori, dotsent.

Mavzuga oid
Top