O‘zbekiston | 16:29 / 11.09.2023
29201
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Qorabog‘da o‘tkazilgan “prezident saylovlarini” tan olmaydi – TIV

O‘zbekiston Ozarboyjon suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlaydi va 9 sentabr kuni Qorabog‘da o‘tkazilgan “prezident saylovlarini” tan olmaydi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qorabog‘da o‘tkazilgan saylovlar yuzasidan bayonot berdi.

“O‘zbekiston Respublikasi do‘st Ozarboyjon Respublikasining suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi, uning ichki ishlariga har qanday aralashuvni qoralaydi va 2023 yil 9 sentabr kuni Qorabog‘da o‘tkazilgan qo‘shtirnoq ichidagi prezident saylovlarini tan olmaydi”, — deyiladi bayonotda.

Avvalroq, Tog‘li Qorabog‘dagi prezidentlik saylovi deb atalayotgan jarayon jahon hamjamiyati tomonidan ham keskin qoralangani xabar qilingan edi. Xususan, Yevropa Ittifoqi, Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar va Ukraina prezidentlik saylovini va saylangan nomzodni tan olmasligini e’lon qilgan.

9 sentabr kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi parlamenti prezident sifatida Samvel Shahramyan nomzodini ko‘rsatdi. Yopiq ovoz berishda Shahramyan 22 nafar deputatning ovozi bilan “g‘olib bo‘ldi”.

Mavzuga oid