Jahon | 09:45 / 11.09.2023
4854
6 daqiqa o‘qiladi

YeI Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillarni olib kirish taqiqlanganini tasdiqladi

Yevropa Ittifoqi Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan shaxsiy avtomobillarni olib kirishga oid sanksiya qonunchiligining turli talqinlari bo‘yicha tushuntirishlarni e’lon qildi. Taqiq noutbuklar, telefonlar va chamadonlarga ham tegishli bo‘lishi mumkin.

Foto: TASS/IMAGO/Daniel Scharinger

Yevropa komissiyasi Germaniyada bir necha oy davomida qo‘llangan sanksiya qonunchiligining talqinini tasdiqladi, unga ko‘ra Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillar bilan Yevropa Ittifoqiga kirish taqiqlangan import sifatida qabul qilinadi. 8 sentabr, juma kuni idora bu borada eng ko‘p berilgan savollarga javob qaytarar ekan, Yevropa Ittifoqi kengashining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan tovarlarni olib kirish, sotib olish va tashish bo‘yicha qarorlari yuzasidan tushuntirishlarni e’lon qildi. Hujjatdan kelib chiqishicha, har qanday, jumladan, shaxsiy maqsadlarda foydalaniladigan avtomobillarni ham olib kirish taqiqlanadi.

Bunda, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan avtomobilning qaysi muddatga olib kirilgani, shuningdek, bojxona tartib-qoidalarining turi – erkin muomala yoki vaqtinchalik olib kirilgani muhim emas, deb tushuntirdi Bryussel. Shu tariqa, Yevropa komissiyasi Germaniyada Yevropa Ittifoqining sanksiya qonunchiligini talqin qilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini aniqlashtirdi, u yuristlar orasida avtomobillarni import qilish va shaxsiy avtomobil bilan mamlakatga kirish o‘rtasidagi farq haqida savollar tug‘dirgan.

Taqiq kosmetika, chamadon, noutbuk va telefonlarga ham taalluqli

Bundan tashqari, Yevropa komissiyasining tushuntirishida Rossiyadan Yevropa Ittifoqining 833/2014-sonli direktivasi 3i moddasiga XXI ilovada sanab o‘tilgan boshqa tovarlarni olib kirish taqiqlangan import sifatida ko‘rib chiqilishi mumkinligi tasdiqlandi. Boshqa narsalar qatorida, Rossiyaga qarshi sanksiya qoidalariga ilovaga kosmetika, chamadonlar, sumkalar, ryukzaklar, hamyonlar, bir qator kiyim-kechak buyumlari, noutbuklar, kameralar, mobil telefonlar, charm va mo‘yna mahsulotlari, yarim qimmatbaho va qimmatbaho toshlar kiradi. 

Rossiya fuqarolari, masalan, sayyohlik maqsadlarida, Yevropa Ittifoqiga ilovada ko‘rsatilgan shaxsiy buyumlar va transport vositalarini vaqtincha olib kirishi mumkinmi, degan savolga Yevropa komissiyasi salbiy javob berdi. Bryusseldagi Acquis yuridik firmasining hamkori, sanksiyalar bo‘yicha mutaxassis Yuriy Shumilov RBK’ga 3i moddasining XXI ilovasida keltirilgan kosmetika, chamadonlar, noutbuklar va mobil telefonlar taqiq ostida ekanini tasdiqladi. Shumilovning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa bojxona organlari ushbu shaxsiy buyumlarni chegaradan o‘tkazishga ruxsat bermasligi mumkin. 

Olib kirishga taqiq shaxsiy tilla buyumlarga taalluqli emas 

Shu bilan birga, hujjat Yevropa Ittifoqi fuqarolari va ularning yaqin qarindoshlari uchun ushbu qoidadagi istisnoni ko‘rsatadi. Ayni paytda, Yevropa Ittifoqiga olib kirishni taqiqlash, xususan, YeIga sayohat qiluvchi jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun oltin taqinchoqlarga, agar bu narsalar ularga tegishli bo‘lsa yoki sotish uchun mo‘ljallanmagan bo‘lsa, taalluqli emas. Shu tariqa, ushbu obektlar Rossiya oltinining Yevropa Ittifoqiga importi bo‘yicha cheklovlar doirasiga kirmaydi.

Yevrokomissiya sanksiyalarning maqsadi Rossiya iqtisodiyotini sezilarli darajada zaiflashtirish va Rossiyani o‘z mahsulotlari uchun eng muhim bozorlardan mahrum qilish, urush olib borish qobiliyatini sezilarli darajada cheklash ekanini eslatdi. Shu sababli, sanksiya qonunchiligining boshqa har qanday talqini ushbu taqiqlarni o‘z mazmunidan mahrum qiladi va ularni chetlab o‘tish uchun katta imkoniyatlar yaratadi, deb hisoblaydi idora. 

Germaniyada Rossiya avtomobillarining ommaviy xatlovga olinishi haqida munozaralar 

Yoz boshida nemis bojxonachilari tomonidan Rossiya davlat raqamlariga ega bo‘lgan avtomobillar - chegarada ham, Germaniyaning o‘zida ham kirgandan keyin ommaviy xatlovga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Boshqa narsalar qatorida, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan Yevropa Ittifoqi fuqarolariga tegishli avtomobillarning xatlovga olinishi holatlari ma’lum bo‘ldi, ularning bir qismi Germaniyadan tranzit orqali o‘tmoqda. Germaniya hukumati Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga amal qilinayotganini bildirgan.

Iyun oyi oxirida DW so‘roviga javoban, Germaniya bojxona boshqarmasi ilgari joriy qilingan Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga, ya’ni 2014 yil 31 iyuldagi YeI buyrug‘iga va 2022 yilda qabul qilingan sanksiyalar to‘plamiga rioya etilishini tushuntirdi. U Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga olib kirish taqiqlangan narsalar ro‘yxatini kengaytirdi. Ushbu ro‘yxatga, jumladan, avtomobillar va yuk mashinalari kiradi. «Taqiq sub’yektiv niyatlardan qat’i nazar amal qiladi», deb ta’kidladi mahkama. Shu bilan birga, DW avvalroq yozganidek, agar sanksiya qoidalariga Germaniya bojxona xizmati tushunadigan tarzda amal qilinsa, rossiyaliklar hech qanday shaxsiy narsalarni, shu jumladan chamadonlarni ham Yevropa Ittifoqiga olib kirishi mumkin emas. DW’ning bojxona xodimlarining qarori tarjima xatosi natijasi ekaniga oid qo‘shimcha savoliga javoban, idora inglizcha matn bilan hech qanday nomuvofiqliklar yo‘qligini bildirdi. Unga ko‘ra, sanksiyalarning nemischa matnida «import» emas, balki «olib kirish» (Einfuhr) ta’rifi qo‘llangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid