Jahon | 09:52 / 13.09.2023
3766
3 daqiqa o‘qiladi

Estoniya va Latviya «Osmon qalqoni» tashabbusiga qo‘shiladi

Ikki Boltiqbo‘yi davlati Yevropa havo hujumidan mudofaa tizimini yangilash tashabbusiga qo‘shilish niyati to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Bundan tashqari, ular IRIS-T SLM yerusti o‘rta masofali havo mudofaa tizimlarini sotib oladi.

Foto: X / BMVg_Bundeswehr

Estoniya va Latviya havo hujumidan mudofaa tizimini yangilash uchun Germaniya tomonidan boshlangan «Yevropa osmon qalqoni» tashabbusiga (European Sky Shield Initiative) qo‘shilmoqda. Ikki mamlakat mudofaa vazirlari Xanno Pevkur va Inara Murniyetse germaniyalik hamkasbi Boris Pistorius ishtirokida ushbu loyihaga qo‘shilish niyati to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi, deya xabar berdi Germaniyaning Diehl Defence mudofaa kompaniyasi matbuot xizmati 11 sentabr kuni. 

Bundan tashqari, Estoniya va Latviya birgalikda IRIS-T SLM yerusti o‘rta masofali havo mudofaa tizimlarini sotib olish niyatida, dedi Pistorius. Uchrashuvda ularni ishlab chiqaruvchi Diehl Defence kompaniyasi bilan ham tegishli shartnoma imzolandi. «Ikki Boltiqbo‘yi mamlakati uchun bu 30 yildan ortiqroq vaqt oldin mustaqillikka erishganidan beri eng yirik mudofaa sarmoyasidir», - deya ta’kidladi nemis kompaniyasi. 

«Xaridlar kuchli raqobat sharoitida rekord sur’atda amalga oshirildi, bu bizga kerakli imkoniyatlarni eng qisqa vaqt ichida va juda hamyonbop narxda taqdim etish imkonini berdi. Bu jarayon murakkab talablarni ishlab chiqishda Estoniya va Latviya tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni o‘z ichiga oldi. Endi 2025 yilda birinchi tizimlarni yetkazib berish va ishga tushirishni kafolatlash uchun loyihani puxta boshqarish talab etiladi», dedi xaridlar jarayonini boshqarayotgan Estoniya Mudofaa investitsiya markazi (ECDI) bosh direktori Magnus-Valdemar Saar. 

«Osmon qalqoni» Yevropa loyihasi 

«Osmon qalqoni» bu - 2022 yil avgust oyida Berlin tomonidan boshlangan integratsiyalashgan Yevropa havo mudofaa tizimini yaratish loyihasi. Bugungi kunga qadar Yevropaning 19 ta davlati, jumladan, NATOning 17 ta davlati, shuningdek, Avstriya va Shveytsariya ham loyihaga qo‘shilish niyatini e’lon qildi. Boris Pistorius Yevropa va Shimoliy Atlantika ittifoqini mustahkamlash uchun bu tashabbus va quruqlikdagi havo mudofaasi muhimligini ta’kidladi. Germaniya Mudofaa vazirligi rahbarining aytishicha, uning mamlakati milliy xavfsizlikni mustahkamlash uchun 2024 yildayoq IRIS-T SLM tizimlarini oladi.

Diehl Defence tomonidan ishlab chiqariladigan IRIS-T SLM tizimi 40 kmgacha va 20 km balandlikdagi samolyotlar, vertolyotlar, qanotli raketalar va uchuvchisiz uchish vositalaridan tahdidlarga qarshi turishga qaratilgan. Tizim yuqori taktik harakatchanligi, raketa uchirish moslamalarini joylashtirish qobiliyati va texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni tayyorlash darajasiga past talablar, bir nechta nishonlarni urish qobiliyati bilan ajralib turadi, deya ta’kidladi ishlab chiqaruvchi. Diehl Defence, shuningdek, tizimning ishlashi Ukrainada o‘zini ijobiy namoyish etganini va deyarli 100 foiz aniqlikni ko‘rsatganini ta’kidladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid