Senat raisi tojikistonlik hamkasbi Rustam Emomali bilan uchrashdi
Tanzila Norboyeva Tojikiston Majlisi milliy Majlisi Oliy raisi bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi delegatsiya «Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishiga moslashish sharoitida gender tenglikka erishish» mavzusida o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahriga bordi.
Senat Raisi tashrif doirasida Tojikiston Respublikasi Majlisi milliy Majlisi Oliy raisi Rustam Emomali bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, O‘zbekiston hamda Tojikiston o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, savdo-iqtisodiy, madaniy gumanitar, ayniqsa, parlamentlararo muloqotni samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, ikki mamlakat parlament yuqori palatalari o‘rtasida tuzilgan do‘stlik guruhlari faoliyatini yanada jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi. Yaqin kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha qonunchilik darajasida qo‘shma ishlarni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro hamkorlikning yuqori darajasi e’tirof etilib, qo‘shma madaniy tadbirlar, jumladan ziyolilarning ikki tomonlama forumlarini, san’at ustalarining qo‘shma konsert va gastrollarini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, «ziyorat turizmi»ni rivojlantirish bo‘yicha samarali choralar ko‘rishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Tojikiston Majlisi milliy Majlisi Oliy o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim imzolandi. Unda parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash, oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi yuzasidan qo‘shma parlament monitoringini amalga oshirish, xalqaro parlament tuzilmalari doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish masalalari aks etdi.
Shuningdek, oliy darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ustidan birgalikda monitoring olib borish mexanizmini takomillashtirish, parlament faoliyati sohasida o‘zaro tajriba almashish, chegaradosh viloyatlar va tumanlar deputatlari o‘rtasida munosabatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olindi.
Mavzuga oid
13:56
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
18:37 / 17.11.2024
Hududlardan saylangan senatorlar e’lon qilindi
13:10 / 17.11.2024
O‘zbekiston parlamenti a’zolari Bokuda o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyada ishtirok etdi
22:55 / 16.11.2024