Buxoroda kanal muhofaza zonasidagi 125 tup daraxt kesib tashlandi
Tabiatga yetkazilgan zarar 1,7 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Peshku tumanida kanal bo‘yida o‘sib turgan 125 tup daraxt kesib tashlangani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tumanning Mustaqillik, Chig‘irchi, Yangibozor, Sadir va Malishoyak mahallalari hududidan oqib o‘tuvchi “Zandani” kanalining muhofaza zonasida 125 tup daraxt kesilgan. Daraxtlarning 23 tupi qimmatli, 102 tupi esa qimmatbaho bo‘lgan.
Dastlabki xulosaga ko‘ra, hududda daraxtlar kesilishi oqibatida tabiatga 1,7 mlrd so‘mdan ortiq miqdordagi zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazish uchun ichki ishlar organlariga yuborilgan. Jinoyat ishi tergovi ustidan prokuror nazorati o‘rnatilgan.
Oldinroq Toshkentda quruvchi 10 tup daraxtni qasddan quritgani aniqlangandi.
Mavzuga oid
16:47 / 22.11.2024
Daraxtlarga kimyoviy vositalar bilan shikast yetkazganlik uchun javobgarlik belgilandi
16:18 / 15.11.2024
Yangiyo‘lda 5 tup daraxtni kesib tashlagan shaxs tabiatga 533 mln so‘m zarar yetkazdi
17:40 / 08.11.2024
“Dunyodagi daraxtlarning 38 foizi yo‘qolib ketish xavfi ostida” – IUCN
20:35 / 07.11.2024