Jahon | 09:28 / 14.09.2023
4565
7 daqiqa o‘qiladi

Estoniya Rossiya raqamlariga ega avtomobillar uchun kirishni yopdi

Latviya va Litvadan keyin Estoniya rus avtomobillarining kirishiga taqiq qo‘yganini e’lon qildi. Boltiqbo‘yi mamlakatlari cheklovlarni Yevropa komissiyasining urushga qarshi sanksiyalarni qo‘llash bo‘yicha direktivasi bilan tushuntirdi.

Foto: Rene Kundla / ERR

Litva va Latviyadan keyin Estoniya 13 sentabr, chorshanba kuni Moskva vaqti bilan soat 10:00 dan boshlab Rossiya raqamlariga ega avtomobillarning mamlakatga kirishini to‘xtatdi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxna X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. «Ular (rossiyaliklar) Ukraina g‘alabaga erishmaguncha, bu yerda erkinlik taqdim etgan imtiyozlardan bahramand bo‘lishlari mumkin emas», deb yozadi u. 

Avvalroq respublika ichki ishlar vaziri Lauri Lyaenemets Estoniya Yevropa komissiyasi tomonidan 8 sentabrda e’lon qilingan Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarga qo‘shimcha tushuntirishlar bo‘yicha direktivaga amal qilishini bildirgan edi. Ushbu hujjatga ko‘ra, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalari endi Yevropa Ittifoqi hududiga kirishi mumkin emas. 

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya raqamlari bo‘lgan avtomobillarning kirishini taqiqlash to‘g‘risidagi qaror Estoniya tomonidan Litva va Latviya bilan kelishilgan va bu chora bir kun avval e’lon qilingan. 

«Rossiya davlat raqamlariga ega avtomobillar Estoniyadan tashqi chegara orqali chiqib ketishi yoki Yevropa Ittifoqining ichki chegaralarini kesib o‘tishi mumkin. Lekin bunday avtomobil chegara punktiga kirganda, Soliq va bojxona departamenti tegishli tartiblarni amalga oshiradi. Foydalanuvchi yoki egasi yo Rossiyaga mashina bilan qaytish yoki usiz chegarani kesib o‘tishi kerak», — deya ta’kidlaydi «Interfaks» agentligi. 

Litvada Rossiya avtomobillari bilan bog‘liq vaziyat 

Litva bojxona vakili Irena Cherkasovene rossiyalik huquqshunos va huquq himoyachisi Aleksey Pryanishnikovning iltimosiga ko‘ra taqiqni izohlar ekan, 13 sentabr kuni shunday izoh berdi: «Agar ular XXI ilovasida ko‘rsatilgan CN kodiga to‘g‘ri kelsa (masalan, CN 8703 kodi), transport vositalari qanday maqsadda ishlatilishi, Rossiyada ishlab chiqarilganmi yoki eksport qilinadimi, bu - muhim emas. Birinchi navbatda, bu Rossiya davlat raqamiga ega bo‘lgan va Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalariga tegishli. Shuningdek, ularning ittifoqda bo‘lish muddati, shunga mos ravishda o‘tkaziladigan bojxona tartib-taomillari (masalan, erkin muomalaga chiqarish yoki vaqtincha olib kirish) ham ahamiyatga ega emas». 

12 sentabr kuni Litva Tashqi ishlar vazirligi mamlakat rasmiylari Litvaga kirib kelayotgan Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillarni musodara qilishini bildirdi. «Ha, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillar Litvaga kirsa, musodara qilinishi kerak va bu nazorat bojxona organlari tomonidan ta’minlanadi, chunki bu ularning vazifasi, bu bojxona organlarining ishi va mas’uliyati», - dedi o‘sha kuni Litva ichki ishlar vaziri Agne Bilotayte jurnalistlarning tegishli savoliga javob berar ekan. 

O‘z navbatida, Litva tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yovita Nelyupshene cheklovlar nafaqat rossiyaliklarga, balki Rossiya davlat raqamlari bo‘lgan avtomobillarda kiradigan barcha Yevropa Ittifoqi fuqarolariga ham tegishli ekanini qo‘shimcha qildi. Biroq, sanksiyalar Kaliningrad orqali tranzitda bo‘lganlarga taalluqli emas, dedi diplomat. Bunday sayohatchilarda tranzit vizasi yoki mashina Kaliningrad orqali tranzitda ketayotganligini tasdiqlovchi boshqa hujjat bo‘lishi kerak. 

Rossiya avtomobillarining Latviyaga kirishi 

12 sentabr kuni soat 18:00 dan boshlab Rossiya davlat raqamlariga ega avtomobillarni boshqarayotgan shaxslarning Latviyaga kirishiga taqiq joriy etildi. «Yevropa komissiyasining tushuntirishlari va Latviya Tashqi ishlar vazirligining pozitsiyasiga ko‘ra, bugun soat 18:00 dan boshlab Rossiya davlat raqamlariga ega avtomobillarda bo‘lgan shaxslarning Yevropa Ittifoqiga Latviya-Rossiya va Latviya-Belarus chegara punktlari orqali kirishiga ruxsat berilmaydi», - deyiladi Latviya Davlat daromadlari xizmati press-relizida. 

Hujjatga ko‘ra, bunday transport vositalarida kiruvchilar Rossiya yoki Belarusga qaytishga majbur bo‘ladi, bojxona organlari ko‘rsatmalarini bajarishdan bosh tortgan taqdirda esa, transport vositasini musodara etish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi mumkin.

Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga tovarlar olib kirishga cheklovlar 

8 sentabr kuni Yevrokomissiya o‘z veb-saytiga Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan Ukrainadagi urush tufayli Rossiyaga nisbatan qabul qilingan sanksiyalar qo‘llanishiga oid savol-javob bo‘limini qo‘shdi. Xususan, hujjatga ko‘ra, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan yengil avtomobilda Yevropa Ittifoqiga kirish taqiqlangan import sifatida qabul qilinadi. 

Bu Rossiyadan YeI davlatlariga import qilishi taqiqlangan boshqa shaxsiy buyumlarga ham taalluqli. Ro‘yxatga noutbuklar, smartfonlar, kosmetika vositalari va hattoki jomadonlar kiradi. Bundan tashqari, charmdan tayyorlangan buyumlar, qimmatbaho va yarimqimmatbaho toshlar, hojatxona qog‘ozi, shampunlar, tish pastalari, yuk tashish uchun avtomobil tirkamalari va yarimtirkamalari, yaxta va fotokameralar ham bor.

Yevropa Ittifoqi ijroiya departamentining rasmiy vakili Daniel Ferri DW nashriga bergan intervyusida Rossiya fuqarolari Yevropa Ittifoqining sanksiyalari tufayli shaxsiy avtomobillarida Yevropa Ittifoqiga kira olmasligini tasdiqladi. Shu bilan birga, chegarada ruxsat etilgan boshqa tovarlarga nisbatan qat’iy munosabatda bo‘linmaydi. «Chegarani kesib o‘tayotgan odam kiygan kiyim Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tishga qaratilgan bo‘lishi dargumon. Menimcha, bu sog‘lom fikr», - deya ta’kidladi Yevropa Ittifoqi vakili. 

Yevropa Ittifoqi sanksiyalari Kremlni urushni moliyalashtirish uchun daromaddan mahrum etishga qaratilgan va samarali bo‘lishi, ularni chetlab o‘tib bo‘lmasligi ta’minlanishi kerak, deya eslatdi Ferri.

Mavzuga oid