Jahon | 00:22 / 14.09.2023
12326
2 daqiqa o‘qiladi

Misrlik ayol akula hujumidan so‘ng qo‘lidan ayrildi

Ayol hozir shifoxonada, ahvoli barqaror ekani aytilmoqda. Akula dengiz tubida g‘oyib bo‘lgan.

Foto: BNN

Misrning Sino yarimorolidagi Dahab kurort shahri qirg‘oqlarida akula hujumi oqibatida ayol kishi jabrlandi. Bu haqda Misr atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, ayolga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Dahabdagi plyaj vaqtincha yopilgan. Hodisa sabablarini aniqlash va qirg‘oq zonasini o‘rganish uchun rasmiylar maxsus komissiya tuzgan. Akula dengiz tubida g‘oyib bo‘lgan va qidirilmoqda.

El Manshar nashri xabariga ko‘ra, jabrlanuvchining qo‘li amputatsiya qilingan. Ayol hozir shifoxonada, ahvoli barqaror ekani aytilmoqda.

Taxminlarga ko‘ra, ayol mehmonxona plyaji yaqinida suzayotganida akula hujumiga uchragan. Odamlar uni hushsiz holatda suvdan olib chiqib, shifokorlarni chaqirishgan.

Akulalar hujumi Misrda kamdan kam sodir bo‘ladi. 2022 yilda 68 yoshli ayol akula hujumi oqibatida qo‘li va oyog‘idan ajralib, yurak xurujidan vafot etgan edi.

2020 yili Misrga borgan 12 yoshli ukrainalik bola va unga hamrohlik qilgan gid akula hujumiga uchragan, oqibatda tanadagi ayrim a’zolarini amputatsiya qilishga to‘g‘ri kelgandi.

2010 yil davomida esa Sharm Ash-Shayxda besh kun davomida akula hujumi ro‘y berib, uch nafar rossiyalik va bir nafar ukrainalik jarohatlanib, bir nafar germaniyalik halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid