Jamiyat | 18:02 / 18.09.2023
34730
3 daqiqa o‘qiladi

Yurak va immunitet uchun - qizil lavlagining foyda va zararlari haqida

Qizil lavlagi o‘zining rangi va ta’mi bilan ko‘pchilikka yaxshi tanish. Undan oshxonada turli taomlar tayyorlashda foydalaniladi. Boshqa sabzavotlarda bo‘lgani kabi qizil lavlagining ham sog‘liq uchun foydali, shu bilan birga zararli tomonlari ham bor. Quyida shu haqida ma’lumotlar keltiriladi.

Foto: AP

Lavlagining foydalari

Vitamin va minerallarga boyligi. Qizil lavlagi C, A vitaminlari, folat kislotasi (B9 vitamini) va kaliy moddasiga boy. Ushbu moddalar salomatlikni saqlab turishda muhim rol o‘ynaydi.

Yurak salomatligiga yordam beradi. Lavlagi tarkibida nitrat kislotasi mavjud, u esa qon bosimini pasaytirishda foydali. Qon aylanishini yaxshilashga ko‘mak beradi. 

Antioksidlovchi himoya. Lavlagi tarkibida antioksidantlar, jumladan, beta-karotin va flavonoidlar mavjud bo‘lib, ular tanadagi hujayralarni kimyoviy radikallar ta’siri natijasida yuzaga keladigan zararlardan himoya qiladi. 

Ovqat hazmida ko‘mak beradi. Lavlagidagi kletchatkalar ovqat hazm qilish va ich qotishning oldini olish, undan xalos bo‘lishda foydalidir. 

Jismoniy chidamlilikni oshiradi. O‘ta faol odamlar, sportchilar uchun lavlagi tarkibidagi nitratlar juda foydali bo‘lib, jismoniy chidamlilikni oshirishda juda qo‘l keladi. 

Lavlagining zararlari

Buyraklarga nojo‘ya ta’sir etishi mumkin. Lavlagi tarkibidagi oksalatlar buyrakda tosh yig‘ilishiga sababchi bo‘lishi mumkin. 

Odam siydigi va axlati rangini o‘zgartiradi. Lavlagidan ko‘p miqdorda iste’mol qilish ularning rangini pushti yoki qizil rangga o‘zgartiradi. Biroq bu tabiiy jarayon, undan xavotir olmasa ham bo‘ladi.

Allergik reaksiya xavfi. Ba’zi odamlarning lavlagiga allergiyasi bo‘lishi mumkin. Agar u iste’mol qilinsa, odam tanasida qichish, terida toshmalar hatto anapilaktik shok kabi allergik reaksiyalarni boshdan o‘tkazishi mumkin.

Tarkibida shakar mavjudligi. Qizil lavlagi tarkibida ham shakar mavjud. Qandli diabet bilan og‘rigan kishilar esa o‘z-o‘zidan lavlagi me’yorini oshirib yubormasligi kerak bo‘ladi. 

Lavlagi foydali sabzavot, undan taomnomani xilma-xil qilishda bemalol foydalanish mumkin. Biroq boshqa sabzavotlarda bo‘lgani me’yorni unutmaslik lozim. 

Mavzuga oid