Jahon | 13:36 / 19.09.2023
6271
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zlaydi

Zelenskiy Nyu-Yorkda BMT maydonchalarida o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etadi va bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi. Vashingtonda Jo Bayden va Kongress rahbarlari bilan muzokaralar rejalashtirilgan.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShga keldi. 18 sentabr, dushanba kuni kechqurun Nyu-Yorkka yetib borgach, u og‘ir yaralangan Ukraina askarlari davolanayotgan va reabilitatsiya qilinayotgan Staten-Aylend universiteti hospitaliga tashrif buyurdi. Ukraina Qurolli kuchlarining oyoq-qo‘lidan ayrilgan to‘qqiz nafar harbiy xizmatchisiga ushbu shifoxonada tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Zelenskiy shifokorlar va harbiylar bilan suhbatlashdi. «Dushmanni mag‘lub etish uchun sizlarni kutamiz. Tezroq sog‘ayib ketinglar, qaytinglar, biz g‘alaba qozonamiz», dedi u ukrainaliklarga. Zelenskiy Telegram’da harbiylarga davlat mukofotlarini topshirgani va «ukrainaliklarning qat’iyligi va umumiy g‘alaba haqida o‘ta muhim so‘zlarni eshitganini» yozgan. «Yigitlarimizga jarohatlaridan forig‘ bo‘lishda yordam berayotgan shifokorlar jamoasiga rahmat», — deya qo‘shimcha qildi u.

Zelenskiy BMT Bosh assambleyasida nutq so‘zlaydi 

Zelenskiy 19 sentabr kuni BMT Bosh assambleyasi sessiyasida nutq so‘zlaydi. Bundan tashqari, uning BMTda o‘tkaziladigan boshqa qator tadbirlarda, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlari sammiti va Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ishtirok etishi rejalashtirilgan. Boshqa narsalar qatorida, «muhim ikki tomonlama uchrashuvlar rejalashtirilgan», dedi Ukraina prezidenti. Xususan, Braziliya prezidenti Lula da Silva, shuningdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan muzokaralar rejalari haqida ma’lum. 

«Davlatning hududiy yaxlitligi barcha asosiy xalqaro hujjatlarning, xususan, BMT Nizomining asosiy tamoyilidir. Uni vayron qilingan to‘liq quvvatiga qaytarish, BMTning tajovuz oldini olish qobiliyatini oshirish zarur. Ukraina bu borada BMT a’zolariga aniq taklif bilan chiqadi», — deya ta’kidladi Zelenskiy BMT minbaridan nima haqida gapirishiga aniqlik kiritib.

Keyinroq Ukraina rahbari Vashingtonda AQSh prezidenti Jo Bayden, Kongress palatalari va partiyalar rahbarlari, shuningdek, AQSh harbiy rahbariyati bilan uchrashadi. Amerika biznes vakillari, jurnalistlar, jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvlar ham rejalashtirilgan. «Ozodlik va mustaqillik uchun kurashimizni qo‘llab-quvvatlagan AQSh rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman», — dedi Zelenskiy. Bu uning Ukraina urushi boshlanganidan beri AQShga ikkinchi tashrifidir. U oxirgi marta Vashingtonga 2022 yil dekabr oyida tashrif buyurgan. Jo Bayden fevral oyida Kiyevga borgan edi. 

Mavzuga oid