Jahon | 09:10 / 21.09.2023
7682
4 daqiqa o‘qiladi

Yerevanda - mamlakat hukumatiga qarshi yangi norozilik namoyishi

Armaniston hukumati binosiga yig‘ilgan bir necha ming kishi Yerevanning Qorabog‘dagi armanlarga yordam berishni istamasligidan norozi. Aksiya tashkilotchilari mamlakatda hokimiyat almashishini talab qilmoqda.

Foto: SNA/IMAGO

Yerevanda Ozarboyjonning Qorabog‘dagi aksilterror tadbiri fonida Armaniston rasmiylarining Qorabog‘dagi mojaroga aralashishni va u yerda yashovchi etnik armanlarni qo‘llab-quvvatlashni istamasligiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. 20 sentabr, chorshanba kuni kechqurun namoyishchilar hukumat binosi yaqinidagi bir qancha ko‘chalarni to‘sib qo‘ydi.

Yo‘lga o‘tirib olgan namoyishchilarning bir qismi Tigran Mets shohko‘chasi, Amiryan ko‘chasi va Nalbandyan ko‘chasida transport harakatini to‘sib qo‘ygan. Politsiya namoyishchilarga kuch qo‘llamadi. AFP hisob-kitoblariga ko‘ra, hukumat binosi yaqinida – Yerevan markazidagi Respublika maydonida bir necha ming odam yig‘ilgan. O‘z navbatida, «Novaya gazeta.Yevropa» nashri muxbiri bino yaqinida to‘planganlar sonini bir necha yuz kishi deb hisoblagan.

Namoyishchilar hukumat o‘zgarishini talab qilmoqda 

Namoyish tashkilotchilaridan biri, «Ona-Armaniston» bloki rahbari Andranik Tevanyan avvalroq namoyishchilar Armanistonda hokimiyat o‘zgarishini, Nikol Pashinyanni bosh vazirlikdan chetlatish va yangi hukumat tuzishni talab qilayotganini aytgan edi. Tevanyanning so‘zlariga ko‘ra, yangi hukumat Qorabog‘ va Armaniston mudofaasini tashkil qila oladi. 

«Arsaxda (Qorabog‘) Armaniston taqdiri, davlatchiligimiz taqdiri hal qilinmoqda. Ayni damda Armaniston va Arsax muammolarini hal qilish uchun faqat bitta imkoniyat bor. Nikol Pashinyan uzoq vaqtdan beri chetga chiqib olgan. Arsaxni tashlab ketdi. U Arsax armanlarini dushman qo‘liga topshirdi. Hozir sodir bo‘layotgan hodisa - Pashinyan siyosatining oqibatlari», - dedi Andranik Tevanyan. 

O‘z navbatida, «Dashnaksutyun» partiyasi vakili Ishxon Sagatelyan to‘g‘ridan to‘g‘ri mitingda parlament muxolifati Pashinyanni hokimiyatdan chetlatish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtiruvchi qo‘mita tuzganini aytdi. 

Qorabog‘dagi vaziyat

Avvalroq, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi rasmiylari 20 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:00 (Toshkent vaqti bilan 14:00) dan boshlab Ozarboyjon bilan o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan edi. Rossiya tinchlikparvar kuchlari vositachiligida erishilgan kelishuv doirasida armanlarning qolgan harbiy xizmatchilari «Rossiya tinchlikparvar kontingenti joylashgan zonadan» olib chiqiladi, «Tog‘li Qorabog‘ mudofaa armiyasi» tuzilmalari esa qurolsizlantirilib, butunlay tarqatib yuboriladi, og‘ir harbiy texnika va qurollar Qorabog‘ hududidan olib chiqiladi. 

21 sentabr kuni Yevlax shahrida Qorabog‘ armanlari va Ozarboyjon hukumati vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda «Qorabog‘ armanlarining reintegratsiyasi, huquqlari va xavfsizligini ta’minlash masalalari» muhokama qilinadi. Shuningdek, Ozarboyjon konstitutsiyasi doirasida Qorabog‘ aholisining turmush tarzini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqiladi, deya xabar berdi tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi vakillari. 

Mavzuga oid