O‘zbekiston | 08:15 / 22.09.2023
11417
2 daqiqa o‘qiladi

Kampirobod suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tarmog‘i tortiladi

Kampirobod suv omboridan Farg‘onaga toza ichimlik suvi tortish borasida Xitoy holdingi bilan dastlabki kelishuvga erishildi. 

Foto: Kun.uz

Xayrulla Bozorov boshchiligidagi Farg‘ona viloyati delegatsiya Xitoyga amaliy tashrif bilan bordi. Tashrif davomida jami 32 ta, shundan umumiy qiymati 1,37 mlrd dollar bo‘lgan 29 ta investitsiyaviy kelishuv va savdo shartnomalari imzolandi.

Xususan, viloyatdagi ijtimoiy muassasalarni qurish yoki kapital rekonstruksiya qilish hamda Kampirobod suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortish loyihalari borasida Xitoyning SINOMASH holdingi bilan dastlabki kelishuvlarga erishildi. 

Ushbu loyihalarga Xitoy moliya muassasalari tomonidan kamida 20 yil muddatga 300 mln dollargacha miqdorda yoki ekvalentida dollarda yillik 3 foizgacha bo‘lgan kredit ajratish bo‘yicha dastlabki kelishuvga kelindi.

Delegatsiya tomonidan Zhiyuanhui Information Technology Inc. kompaniyasi bilan Farg‘ona shahrida “aqlli shahar” tizimi asosida raqamlashtirish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi. Xitoy tomoni bu loyihani 2 ta MFY hududida sinov tariqasida beg‘araz amalga oshirib berishi bildirilmoqda.

Pekin shahridagi eng yirik meva-sabzavot savdo kompleksi bo‘lgan Sinfadi rahbariyati bilan Farg‘ona viloyatida yetishtiriladigan meva va sabzavot mahsulotlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri eksport qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Kampirobod suv ombori O‘zbekistonning Andijon viloyati va Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod viloyatlari chegarasida joylashgan. U 1983 yilda qurilgan. Unga Tar, Qorako‘lja va Qoradaryo suvlari quyiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid