Jahon | 16:27 / 22.09.2023
31220
6 daqiqa o‘qiladi

Qora dengiz floti shtabiga raketa zarbasi yo‘llandi. Asosiy ma’lumotlar

Anneksiya qilingan Qrimdagi Sevastopol shahri rahbari Qora dengiz floti shtabiga raketa zarbasi berilganini ma’lum qildi. Shaharga hujumlar muntazam tus olmoqda, o‘tgan haftada harbiy kemalar ta’mirlanadigan zavod hujumga uchragandi.

Foto: Sota

22 sentabr kuni RF Qora dengiz flotining Sevastopoldagi shtabi raketa zarbasiga yo‘liqdi, deb xabar berdi anneksiya qilingan Sevastopol rahbari Mixail Razvojayev. U raketa zarbasida Ukraina qurolli kuchlarini ayblagan. Zarbadan keyin shtab binosida yong‘in boshlangan. Mahalliy aholi shaharda havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlagani haqida xabar bergan. RF mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari jami beshta raketani urib tushirgan. Razvojayevning so‘zlariga ko‘ra, urib tushirilgan raketa parchalaridan biri Naximov prospektidagi Lunacharskiy teatri atrofiga tushgan. TASS yozishicha, parchalar yuzlab metrga sochilib ketgan.

Sevastopol rahbari avvaliga takroriy raketa zarbasi bo‘lishi mumkinligini aytgandi, ammo soat 14:15 atrofida raketa va aviatsiya xavfi ariganini ma’lum qildi. Razvojayev aholidan shahar markaziga kelishdan tiyilishni so‘ragan.

Qora dengiz floti shtabi binosi jiddiy shikastlangan. Voqea joyida olingan fotosuratlarda ko‘rish mumkinki, shtab binosi tomi va kamida yuqori qavatlardan kamida bittasi vayron bo‘lgan. Mixail Razvojayev flot shtabi atrofidagi infratuzilmalar shikastlanmagani, ko‘chada bo‘lgan odamlar jabrlanmaganini aytgan. «Hatto deraza oynalari sinishi qayd etilmagan», — degan Sevastopol rahbari.

RF mudofaa vazirligiga ko‘ra, raketa zarbasi oqibatida rossiyalik bir harbiy bedarak yo‘qolgan. Vazirlik hujumda «Kiyev rejimi»ni ayblagan. «Hujum oqibatida Qora dengiz floti shtabining tarixiy binosi shikastlangan», — deyilgan idora xabarida. «112» va Shot telegram-kanallari dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, olti kishi jarohatlanganini yozgan. Boshqa manbalar hozircha bu ma’lumotni tasdiqlamagan. Anneksiya qilingan Sevastopol sog‘liqni saqlash vazirligi jabrlanganlar haqidagi ma’lumot bo‘yicha izoh bermagan. Guvohlarning aytishicha, voqea joyiga kamida o‘nta tez yordam mashinasi yetib kelgandi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, RF Qora dengiz floti shtabiga Storm Shadow qanotli raketasi kelib urilgan, deb xabar beradi Mash va Shot telegram-kanallari. Mash ma’lumotiga ko‘ra, Sevastopol bo‘ylab raketa hujumi vaqtida Qora dengiz osmonida AQSh harbiy-havo kuchlarining Boeing P-8A «Poseydon» razvedka samolyoti harakatlangan va katta ehtimol bilan aynan shu samolyotdan turib Ukraina qurolli kuchlari harakatlari muvofiqlashtirilgan.

Sevastopolga hujum bilan bir vaqtda Qrim hududi ham raketa zarbasi ostida qolgan. Bu haqda anneksiya qilingan Qrim rahbari Sergey Aksenov ma’lum qilgan. «Qrim Respublikasi ustida havo hujumidan mudofaa kuchlari qanotliye raketalarni urib tushirdi», — deya xabar bergan u. Telegram-kanallar yozishicha, Bog‘chasaroyda harbiy qism joylashgan hududda osmonga tutun ustuni ko‘tarilgan. Anneksiya qilingan Qrim rahbari maslahatchisi Oleg Kryuchkov buni «feyk» deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Bog‘chasaroy atrofida raketa urib tushirilgan, uning parchalari tushishi oqibatida o‘t-o‘lanlar yongan. Shu bilan vaqt vaqtda Qrim ko‘prigi bo‘ylab harakatlanish bir soatdan ortiq vaqt davomida yopib qo‘yildi.

Ukraina reaksiyasi

Kiyev Qora dengiz floti shtabi bo‘ylab berilgan raketa zarbasi haqidagi xabarlarni izohlamagan. Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andriy Yermak hujum haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan vaqtda telegram-kanalida «War Machine» guruhining AC/DC trekini joylashtirgan.

Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshchuk Sevastopolga zarba uchun ukrain uchuvchilariga minnatdorchilik bildirgan.

«Biz axir „davomi bo‘lishi…“ni aytgandikku. Melitopoldagi okkupantlar endigina o‘ziga kelayotgan mahalda, Sevastopolda haligacha havo trevogasi signallari tinmayapti, buning uchun Havo kuchlari uchuvchilariga minnatdorchilik bildiraman! Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi keyingi safar ham bizni uyaltirmasligiga umid qilaman», — degan Oleshchuk telegramda.

2022 yil 31 iyul kuni ham Sevastopoldagi Qora dengiz floti shtabi hujumga yo‘liqqandi. O‘shanda Razvojayev flot shtabi hovlisiga dron kelib urilgani, shtabning kamida besh nafar xodimi yaralanganini aytgandi.

Anneksiya qilingan Qrim rasmiylari bu kuzda muntazam ravishda ham raketa zarbalari, ham dron hujumlari haqida xabar berib kelmoqda, jumladan, Sevastopolga, bu yerda Qora dengiz floti shtabidan tashqari harbiy aerodromlar va boshqa harbiy obektlar joylashgan.

Ikki kun muqaddam Razvojayev havo hujumidan mudofaa kuchlari Sevastopolga raketa hujumini qaytargani haqida xabar bergandi. Ukraina nashrlari esa mamlakat xavfsizlik xizmatiga havola bergan holda, 20 sentabr tongida Qora dengiz flotining Sevastopol yaqinidagi qo‘mondonlik punktiga zarba berilgani haqida yozgandi.

O‘tgan haftada, 13 sentabr kuni, Sevastopolning Rossiya tomonidan tayinlangan ma’muriyati shaharda joylashgan Sevastopol dengiz zavodiga hujum uyushtirilganini tasdiqlagandi.

O‘shanda RF mudofaa vazirligi ikkita harbiy kema shikastlangani haqida xabar berish bilan cheklangandi, tadqiqotchi jurnalistlar esa keyinroq dokda turgan suvosti kemasi jiddiy darajada shikastlangani aks etgan fotosuratlarni namoyish etgandi. Ularning tasdiqlashicha, bu «Varshavyanka» loyihasining «Rostov-na-Donu» nomli dizel-elektr suvosti kemasi edi. U 2014 yilda suvga tushirilgan va Suriyadagi harbiy amaliyotda ishtirok etgan.

Ukraina hukumati yarimoroldagi obektlarni legitim harbiy nishonlar sifatida belgilagan.

Mavzuga oid