00:16 / 23.09.2023
7490

Italiyaning sobiq prezidenti Jorjio Napolitano vafot etdi

99 yoshli siyosatchi 10 yil davomida mamlakatni boshqardi.

Foto: ANSA

22 sentabr kuni Italiyaning sobiq prezidenti Jorjio Napolitano 99 yoshida Rimdagi Salvator Mundi klinikasida vafot etdi. U 2006–2015 yillarda mamlakat prezidenti bo‘lgan.

Jorjio Napolitano 1925 yil 29 iyunda Neapolda tug‘ilgan. Neapol universitetida o‘qiyotganda IX maggio fashistlar jurnali bilan hamkorlik qilgan. 1944 yilda Neapol kommunistik tashkiloti bilan aloqa o‘rnatib, 1945 yilda Italiya Kommunistik partiyasiga a’zo bo‘lgan va turli lavozimlarda ishlagan.

1953-1963 va 1968-1992 yillarda Napolitano Italiya parlamenti quyi palatasining kommunistik fraksiyadan a’zosi, 1992-1994 yillarda «So‘l» fraksiyasining Demokratik partiyasidan parlament a’zosi, 1994-1996 yillarda progressist-federalistlar fraksiyasidan a’zosi bo‘lgan. 1992-1994 yillarda quyi palata spikeri lavozimida ishlagan.

1996-1998 yillarda Jorjio Napolitano Italiya ichki ishlar vaziri bo‘lgan. 2005 yilda Italiya faxriy senatori unvonini olgan. 2006 yil may oyida Napolitano mamlakat prezidenti bo‘ldi. 2013 yilda 87 yoshli Napolitano bu lavozimga qayta saylandi. 2015 yilda iste’foga chiqqan edi.

Top