Jahon | 19:08 / 25.09.2023
20423
6 daqiqa o‘qiladi

Veraning “g‘azabi”: yaponlarni yig‘latgan kun

1959 yilning 25 sentabri. Uyquga yotgan yaponiyaliklar sanoqli soatlardan so‘ng nima bo‘lishini bilishmasdi: 26 sentabrga o‘tar kechasi yarim tunda sodir bo‘lgan dahshatli tabiat hodisasi 5 mingdan ortiq kishini hayotdan olib ketadi, 400 ming kishini esa boshpanasiz qoldiradi. Bu Yaponiya tarixidagi eng vayronkor tabiat hodisalaridan biri edi. 

Foto: Reuter

Tabiat hodisalari, jumladan, vayronkor tayfunlar Yaponiya tarixining bir qismiga aylangan. Ularning ayrimlari shunchalik dahshatli bo‘lganki, soatlar ichida minglab odamlarni halok qilgan. Shulardan biri 1959 yilning 26-27 sentabr kunlari sodir bo‘lgan Vera tayfuni edi.

Tayfunning boshlanishi

Vera tayfunining kelib chiqishi 20 sentabr kuni ob-havo tahlilida kuzatilgan. O‘shanda tayfundan ogohlantirish markazi (JTWC) boshlangan to‘fonni tropik siklon deb tasniflamagan. Ammo Yaponiya meteorologiya agentligi tabiatning o‘sha kungi “bezovtaligini” tropik depressiya deb belgilagan.  

Dovul dastlab g‘arbga ko‘chadi, lekin 21 sentabrda vaqtincha shimoliy yo‘nalishga o‘tdi. O‘sha kuni kechqurun JTWC tomonidan to‘fonni tahlil qilish uchun yuborilgan razvedka samolyoti dvigateli ishlamay qolgani sababli manzilga yetib bormaydi. Biroq bo‘ron bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlar ogohlantirish markazining o‘sha kuni depressiyani tropik bo‘ron sifatida tasniflashi uchun yetarli edi. Qayta tasniflash natijasida JTWC tropik bo‘ronni Vera deb ataydi. Bu vaqtda tropik siklon g‘arbiy yo‘nalishda harakatlana boshlagandi. 

22 sentabr kuni bo‘ron tomonga uchirilgan razvedka parvozlari Vera tez kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. O‘sha kuni soat 18:00 dagi ma’lumotlar tahlilidan ko‘rinadiki, tropik siklon tayfunga aylanib ulgurgandi.  

Vera tayfunining kengligi 250 kmga yetadi. Tayfun shamollari kuchayishda davom etadi va 23 sentabr kuni soat 12:00da yuqori cho‘qqiga chiqadi: o‘shanda razvedka samolyotlari 305 km/soat shamol tezligi haqida xabar bergan.

To‘fon 24 sentabrda shimoli-g‘arbiy yo‘nalishda harakat qiladi. So‘ngra asta-sekin shimolga, Yaponiya tomonga tezlasha boshladi. 26 sentabr kuni soat 9:00 da Vera Xonsyu hududiga birinchi ta’sirini o‘tkazadi. O‘sha paytda tayfun shamolining tezligi 260 km/soat bo‘lgan.

Vera yetkazgan zarar

Vera tayfuni oqibatida 5 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan, 15 ming kishi jarohatlangan hamda 400 ming kishi boshpanasiz qolgandi.

Xonsyu hududi qirg‘oqlarida ko‘tarilgan to‘fon toshqindan himoya tizimlarini vayron qilgan, kemalarni cho‘ktirgan, uylarni oqizib ketgandi. Zarar o‘sha paytda 600 mln dollarga (hozirgi 6 mlrd dollardan oshiq) yetgani aytiladi.  

Tayfun Nagoyadan Tokiogacha bo‘lgan qirg‘oq bo‘ylab urilgan. Birinchi zarbani Yokogama va Tokio “qabul qilib” oladi: to‘lqinlar katta tezlikda shahar ko‘chalarini yorib o‘tgan. So‘ngra dovul markaziy Xonsyu hududi orqali quruqlikka ko‘chgan. Keyin esa Toyama, Yamagata, Akita va Niigata hududlarida vayronagarchilikka sabab bo‘lgan. 

Vera tayfunining “g‘azabi”ni eng ko‘p boshdan kechirgan shahar Nagoya bo‘ladi: shamol va suv toshqinlari oqibatida shaharda 5800 ta uy vayron bo‘ladi, odamlar esa vayronalar ostida ko‘milib qolib ketadi. 

Tayfun oqibatida mamlakat bo‘ylab taxminan 834 ming uy vayron bo‘lgan va taxminan 210 ming gektar qishloq xo‘jaligi dalalariga zarar yetgan. Vera tomonidan yetkazilgan zarar uni Yaponiya tarixidagi eng halokatli tayfundan biriga aylantirdi. 

Halokatli sentabr

Yaponiya tarixidagi vayronkor tayfunlar asosan sentabr oyida sodir bo‘lgan.

1918 yil 30 sentabr. Yarim tunda Tokioda eng dahshatli tayfunlardan biri yuz bergan. Unda 139 ming kishi boshpanasiz qolgan, 1619 kishi vafot etgan. O‘shanda tayfun oqibatida 200 mingta uy qulagani aytiladi.

1934 yil 21 sentabr. Dahshatli dovul Osaka markaziga “bostirib” kirgan. Tayfun asosiy sanoati to‘qimachilik bo‘lgan Osakadagi 3082 ta to‘qimachilik fabrikasini vayron qilgan. Yuzlab ishchilar qulagan binolar ostida qolgan. Kuchli shamol 87 ta maktabni qulatgan, 420 nafar maktab o‘quvchisi sinflarda halok bo‘lgan.

Vayronkor tayfun oqibatida 4 ming kishi halok bo‘lgan, uning aksariyati Osaka shahri aholisi edi. 

1954 yil 26 sentabr. Mari tayfuni Yaponiyani qamrab oldi. Xokkaydo shahrida sodir bo‘lgan to‘fon 1600 kishini hayotdan olib ketgan. Ulardan ming kishi Xokkaydo va Xonsyu orollari orasida odamlarni tashiydigan “Toya Maru” paromining to‘fon paytida ag‘darilib ketishi oqibatida halok bo‘lgan. 

 1958 yil 27-28 sentabr. Tokio yaqinidagi Itsu yarimoroliga Ida tayfuni “zarba beradi”. To‘fon paytida 6 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, minglab odamlar yaralangan va 1200 kishi bedarak yo‘qolgan. Ida tayfuni oqibatida 120 ming gektar sholi dalalarini suv bosgan. 

Hozirgi kunda ham Yaponiyaga ko‘plab tayfunlar xavf solib turadi. Biroq ob-havoni oldindan prognoz qilish imkoniyatlari kengaygani bois aksariyat hollarda odamlar xavfli hududdan evakuatsiya qilinadi va bu orqali imkon qadar talafotlarning oldi olinadi.  

Mavzuga oid