O‘zbekiston | 08:06 / 26.09.2023
3720
3 daqiqa o‘qiladi

Ijaraga olingan ayrim yer uchastkalarini qayta ijaraga berish mumkin bo‘ladi

Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan elektron onlayn-auksion orqali olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlar boshqa shaxsga ijara muddatidan oshmagan muddatga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligi ko‘zda tutilgan.

Foto: Kun.uz

Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “Soliq va budjet qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini va budjetnomani Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis palatalariga kiritish muddati aniq belgilanmoqda.

Budjet jarayonining ochiqligini ta’minlash maqsadida tumanlar va shaharlar hokimliklari jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytlari, shuningdek, “Ochiq budjet” axborot portaliga joylashtirib borishi Budjet kodeksida aks ettirilmoqda.

Qonun bilan O‘zbekistonga beg‘araz yordam doirasida kelgan tibbiy asbob-uskunalardan pullik xizmatlar ko‘rsatish uchun foydalanish imkoni yaratilmoqda.

Bundan tashqari, budjet tashkilotlariga ijaraga berilgan yer uchastkalaridan soliq undirish va to‘lash tartibini, foydalanilmayotgan binolar, ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalariga nisbatan tegishli soliqlarning oshirilgan stavkalarini qo‘llash tartibi bekor qilinmoqda.

Qo‘mita majlisi kun tartibidagi “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi.

Qonunda ijaraga olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari huquq va majburiyatlar bilan birga ijaraga beruvchining roziligi asosida boshqa shaxsga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan elektron onlayn-auksion orqali olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlar boshqa shaxsga ijara muddatidan oshmagan muddatga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligi ko‘zda tutilgan.

Qonunda o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi, ya’ni servitut belgilangan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda ham servitut saqlanib qolinishi, servitut oldi-sotdi, hadya, garov yoki ijaraning mustaqil predmeti bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

Servitut belgilanishi yer egasini, yerdan foydalanuvchini, yer uchastkasining ijarachisi va mulkdorini ushbu yer uchastkasiga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqidan mahrum etilmasligi ko‘zda tutilmoqda.

Muhokama yakuni bo‘yicha ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid