Jahon | 08:03 / 27.09.2023
11449
2 daqiqa o‘qiladi

Donald Tramp firibgarlikda aybdor deb topildi

Nyu-York shtat sudi AQSh sobiq prezidentini kreditlar va sug‘urta mablag‘larini noqonuniy tejash maqsadida o‘zining Trump Organization oilaviy holding kompaniyasi aktivlarini qasddan oshirib ko‘rsatganlikda aybdor deb topdi. 

Foto: AP

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp imtiyozli shartlarda kredit olish maqsadida o‘z aktivlari qiymatini va boyligi hajmini noqonuniy oshirib ko‘rsatish bilan bog‘liq firibgarlikda aybdor deb topildi. Bu qaror 26 sentabr, seshanba kuni Nyu-York shtat sudi sudyasi Artur Engoron tomonidan 2022 yil sentabrda shtat bosh prokurori Letitsiya Jyeyms tomonidan sobiq davlat rahbari va uning uch to‘ng‘ich farzandi: Erik Tramp, kichik Donald Tramp va Ivanka Trampga qarshi qo‘zg‘atilgan fuqarolik da’vosi doirasida qabul qilindi. Bugungi kunga kelib, Ivanka Trampga qarshi da’vo to‘xtatildi. 

Sudning 26 sentabrdagi qarori Tramp uchun deyarli to‘liq mag‘lubiyatdir va 2 oktyabrda boshlanishi rejalashtirilgan asosiy sud jarayonini, asosan, sudlanuvchi endi to‘lashi kerak bo‘lgan tovon puli miqdori masalasiga qisqartiradi, deb yozadi Reuters. 

Donald Trampga qarshi ayblovlar 

Sud hujjatlariga ko‘ra, 2011 va 2021 yillar oralig‘ida Trump Organization oilaviy holdingi «kredit va sug‘urtaning qulay shartlarini ta’minlash yoki saqlab qolish uchun» o‘z aktivlari qiymatini milliardlab dollarga oshirib ko‘rsatgan. Bunday firibgarlik ayblanuvchilarga «noqonuniy jamg‘armalar va noqonuniy daromadlar evaziga yuzlab million dollarni» qo‘lga kiritishga imkon berdi, deyiladi hujjatda.

Bosh prokuror Letitsiya Jyeyms Tramp uchun 250 million dollar jarima so‘ragan. Sobiq davlat rahbari ushbu fuqarolik da’vosi bo‘yicha qamoq jazosiga mahkum etilmaydi. Trampning o‘zi unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni siyosiy sababga ega va 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishiga to‘sqinlik qilishga qaratilgan deb atadi. 

Mavzuga oid