Jahon | 18:50 / 28.09.2023
5775
3 daqiqa o‘qiladi

Tog‘li Qorabog‘ning sobiq bosh vaziri terrorizmni moliyalashtirishda ayblanmoqda 

Ozarboyjonda tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining (TQR) sobiq hukumat rahbari Ruben Vardanyanga ayblov e’lon qilindi. 

Foto: DTX

Vardanyan «Lochin» chegara posti orqali Armanistonga o‘tmoqchi bo‘lganida Ozarboyjon harbiylari tomonidan qo‘lga olingan edi. U chegarachilar hamrohligida Bokuga olib ketilib, huquq-tartibot idoralariga topshirilgan. Sud uni to‘rt oyga hibsga oldi. 

Ozarboyjon maxsus xizmatining xabar berishicha, Armaniston fuqarosi Ruben Vardanyan Ozarboyjon Jinoyat kodeksining uchta moddasi – terrorizmni moliyalashtirish, qonunda ko‘zda tutilmagan qurolli tuzilmalar yoki guruhlar tuzish va faoliyatida ishtirok etish hamda davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish bo‘yicha ayblangan. 

Razvedka xizmati iddao qilishicha, 2022 yil sentabrida Vardanyan «terrorchilik harakatlari va qo‘poruvchilik qilish maqsadida» Ozarboyjon davlat chegarasini «noqonuniy ravishda kesib o‘tgan» va Rossiya tinchlikparvar kuchlari joylashgan hududga kirgan. 

Armaniston hukumati Vardanyanning himoyasini ta’minlash uchun Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qildi. 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov avvalroq Vardanyan Rossiya fuqarosi ekani va uning hibsga olingani haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytgan edi. Biroq, Vardanyan Rossiya fuqaroligidan voz kechish haqida ariza bergan va Putin 2022 yil dekabrdagi farmoni bilan uni qanoatlantirgan. Shundan so‘ng, u Qorabog‘ga ko‘chib o‘tgan. 

2023 yil yanvarida Vardanyan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi prezidenti Arayik Arutyunyan taklifiga ko‘ra bosh vazir bo‘lgan, biroq fevral oyida lavozimidan ozod etilgan. 

19 sentabr kuni Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘da «konstitutsiyaviy tuzumni tiklash» maqsadida «mahalliy aksilterror tadbirlari» boshlanganini e’lon qildi. Rossiya tinchlikparvar kuchlarining mavjudligi Bokuga xalaqit bermadi. 

Tog‘li Qorabog‘ hukumatiga to‘liq qurolsizlanish va arman harbiy texnikasini mintaqadan olib chiqib ketish uchun shart-sharoit berildi. Shu bilan birga, Ozarboyjon hukumati Qorabog‘ning tinch aholisiga hech narsa tahdid solmasligini ta’kidladi. 

Shunday bo‘lsa-da, Yerevan bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘da yashovchi 120 ming armanning 50 mingdan ortig‘i allaqachon Armanistonga yetib kelgan. 

Mavzuga oid