Sport | 16:10 / 29.09.2023
18712
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari. O‘zbekiston qilichbozlik bo‘yicha tarixiy chempionlikni qo‘lga kiritdi

Osiyo O‘yinlari-2022 bugungi bahslarida qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston ayollar jamoasi delegatsiyamiz hisobiga yana bitta oltinni keltirishdi.

Foto: Osiyo O‘yinlari

Qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston ayollar jamoasi tarixiy g‘alabaga erishdi.

Zaynab Dayibekova, Gulistan Perdibayeva, Paola Pliyego va Luiza Fernanda Errera to‘rtligidan iborat jamoa chorakfinalda Singapurga qarshi bahsda 45:32 hisobida g‘alaba qozondi, yarimfinalda esa mezbon Xitoy jamoasi ustidan 45:43 hisobida g‘alaba qozondi. 

Final esa dastlab o‘zbekistonliklar uchun muvaffaqiyatsiz boshlandi, Pliyego va Dayibekova dastlabki janglarida (1:5, 4:5) yutqazishdi, Gulistan Perdibayeva esa 10:3 hisobida ustunlikka erishib, jamoani umumiy hisobda oldinga olib chiqdi.

Pliyego ikkinchi jangini ham boy bergach (3:7), murabbiylar uchinchi davrada uning o‘rniga Luiza Fernanda Errerani tushirishdi va u ishonchni oqlab, g‘alabaga erishdi. Hal qiluvchi bahsda esa Dayibekova kerakli hisob qayd etib (5:5), jamoasi g‘alabasini ta’minladi va yakunda jamoa 45:42 hisobida ustun kelib, Osiyo O‘yinlari chempioniga aylandi. Bu g‘alabada 18 yoshli Gulistanning hissasi beqiyos bo‘ldi, jami to‘plangan ochkolardan 19 tasi u tomonidan keltirildi (Dayibekovada 17, Hererada 5, Pliyegoda 4).

Qayd etish joiz, bu O‘zbekiston uchun qilichbozlik sportida Osiyo O‘yinlarida qo‘lga kiritilgan birinchi oltin medal sanaladi.

Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasining turnirdagi jami oltinlari soni 7 taga yetdi.

Endilikda O‘zbekiston jami 32 ta medal (7-10-15) bilan umumjamoa hisobida 6-o‘rinda bormoqda.

Mavzuga oid