Jahon | 22:59 / 30.09.2023
10915
2 daqiqa o‘qiladi

Boshqa joyda yashaganingiz ma’qul - Nyu-York migrantlar oqimini kamaytirmoqchi

Shahar boshpana va chegaralarda varaqa tarqatib, migrantlarga ish ruxsatnomasi bo‘yicha yordam berilmasligi haqida ogohlantirmoqda.

Foto: David 'Dee' Delgado/REUTERS

Nyu-York ma’muriyati migrantlarga ish topishda hech qanday yordam bera olmasligi haqidagi varaqalarni tarqatishni rejalashtirmoqda. Buning uchun shahar budjetida mablag‘ yetishmayapti.

Ingliz va ispan tillarida chop etilgan varaqada «siz mehmonxonaga joylashtirilmaysiz», «Nyu-York dunyodagi eng qimmat shaharlardan biri, arzonroq shaharga borganingiz ma’qul», «Nyu-York sizga ishlash uchun ruxsatnoma olishga yordam bera olmaydi va siz osonlikcha ish topa olmaysiz» degan yozuvlar bor.

Qayd qilinishicha, 2022 yil bahoridan beri shaharga har kuni 100 mingga yaqin migrant kelmoqda. Ma’muriyat ularning oqimini to‘xtatish, bu bilan uy-joy tizimi va budjetga bo‘lgan yuklamani kamaytirishga urinmoqda. Shahar har bir migrant oilasini boshpana bilan ta’minlash uchun kuniga 387 dollar sarflayapti va 2025 yilgacha bu xarajatlar 12 milliard dollarga yetishi mumkin.

Nyu-Yorkdagi boshpana berishning o‘ziga xos qoidalari ko‘plab migrantlarni jalb qilmoqda, ular o‘z navbatida qarindoshlarini ham yetaklab kelmoqda.

Shahar meri Erik Adams uyi bo‘lmagan har kimga boshpana berishni talab qiladigan bunday qoidani bekor etish uchun sudga murojaat qilgan. O‘tgan haftada u shahar katta yoshdagi migrantlarning boshpanalarda qolish muddatini 60 kundan 30 kunga qisqartirishini ma’lum qilgan edi. Hozirda shaharda 60 mingdan ortiq migrant bor.

Mavzuga oid