Jamiyat | 10:10 / 01.10.2023
24914
14 daqiqa o‘qiladi

Ta’limdagi imtiyozlar – ijtimoiy tengsizlik ildizi. Mutaxassislar bilan suhbat

Maksimal ball to‘plaganiga qaramay, kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan yoshlar shov-shuv ko‘tarilishi ortidan grantda o‘qiydigan bo‘ldi, lekin bu muammo ildizi bilan hal etildi degani emas.

Bu voqea misolida ijtimoiy tarmoqlarda ta’limdagi ijtimoiy adolat masalasi muhokama markaziga chiqdi. Xo‘sh, aslida ta’limda ijtimoiy adolat qanday bo‘ladi, uning maqsad-vazifalari nimalardan iborat, bu borada O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi qanchalik adolatli?

Mavzu atrofidagi savollarni tahlil qilish maqsadida Kun.uz oliy ta’lim mutaxassisi Azamat Akbarov va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev bilan suhbatlashdi.

– Dastlab, suhbatning asosiy qismiga o‘tishdan oldin ijtimoiy adolat tushunchasiga ta’rif bersak. Aslida ijtimoiy adolat nima, ta’limda tenglik bo‘lishi qanchalik ahamiyatli, sizningcha?

Azamat Akbarov: Odatda xalq va davlat o‘rtasidagi kelishuv paydo bo‘lganidan keyin davlatga adolatni himoya qilish vazifasi yuklatiladi. Bu – adolatning huquqiy tomonlari. Qaysidir jamiyatda tenglikka putur yetadigan bo‘lsa, demakki, huquqiy normalar ishlamayapti.

Siz kimgadir so‘z berib, uni bajarmasangiz, bu adolatning axloqiy normasiga, ijtimoiy tengsizlikka ham kiradi. Turli xil davlatlarda ijtimoiy tengsizlik sabab insonlar har xil ko‘rinishda o‘z fikrlarini bildirishgan. Ya’ni jamiyatdagi adolatning poydevorlariga zarba beriladigan bo‘lsa, bu yerda, albatta, insonlar o‘zining noroziligini bildiradi.

Imkonlar va daromadlar... Imkonlar har bir jamiyatda teng tarqatilishi lozim. Buni boshqacha aytganda, “contributive” adolat, ya’ni hissa qo‘shgan holda bo‘lishi mumkin. Qolaversa, imkonlar deyilganda, yaxshi yashash, sifatli tibbiyotdan foydalanish, inson o‘zining iqtidorini rivojlantirishi, o‘zi istagan ishga kirib ishlashi yoki bilim olishini keltirsa bo‘ladi. Menimcha, bu imkoniyatlar davlatlarda teng tarqatilishi kerak.

Ba’zi daromadlar insonning salohiyati, jamiyatga qo‘shadigan hissasidan kelib chiqqan holda rag‘batlantirish sanaladi. Masalan, qaysidir olim o‘z vaqtida qilgan kashfiyoti, yozgan maqolasi uchun rag‘batlantirish, moddiy pul ololmaydigan bo‘lsa, o‘z ustida ishlamaydi. Maktab o‘quvchilari ham shunday. Kimdir yaxshi o‘qigani uchun 11-sinfdan keyin oltin medal yoki boshqa narsa beriladi. Ya’ni davlatda mana shu imkoniyatlar va daromadlar masalasida qandaydir bir suiiste’mollikka boriladigan bo‘lsa, u yerda, albatta, mexanizmlar buzilishni boshlaydi.

Agar biz bilim olish imkoniyatlarini teng tarqatmaydigan bo‘lsak yoki inson o‘zi istagan ishda ishlay olmasa, bunday joyda adolat buziladi. Ya’ni qoidasiz raqobat o‘rtaga kiradi. Agar biz mana shu qoidasiz raqobatga normal qaraydigan bo‘lsak, kimdir o‘zining ijtimoiy mavqeyidan kelib chiqib, undan foydalanishi mumkin.

Xushnudbek Xudoyberdiyev: Umumiy ma’noda ta’limda ijtimoiy adolat bu – hammaga teng imkoniyatlar yaratish deb tushuniladi. Endi men biroz masalaning ichiga kirib gapirsam, ijtimoiy adolat o‘zi bormi, degan savol ko‘proq davlat OTMga berilishi kerak, shunda bu adolatdan bo‘ladi. Masalan, menga xususiy universitetlarning kimga qanday imtiyoz berayotgani umuman qiziq emas. Aytaylik, tadbirkor navoiylik yoshlarga grant beraman deydi, bilganini qilaversin. Men nega qashqadaryolik yoki xorazmlikka bermayotganini so‘ramayman. IELTS bor talabgorlarga qo‘shimcha grant beraman desa ham bilganini qilaversin, lekin xuddi shu narsa davlat OTM bilan bo‘ladigan bo‘lsa, bunda menda savollar paydo bo‘lishni boshlaydi. Nega? Chunki davlat oliygohlarining asosiy moliyalashtirish manbayi budjetdan, ya’ni xalqning soliqlardan yig‘ilgan pullaridan iborat. Demak, u yerda mening ham qanchadir miqdorda hissam bor. Men ham u yerda pullarim to‘g‘ri ishlatilishini xohlayman.

Shu nuqtayi nazardan, davlat OTMdagi imtiyozlar ko‘p muhokama qilinadi. Nima sabab odamlar bu masalalar haqida ko‘p gapirishadi, og‘riqli qabul qilishadi, chunki hamma budjet puli aslida xalq puli ekanini tushuna boshladi. Mana shu daxldorlik tushunchasi singdirib olingandan keyin bu savollar kun tartibiga yanayam ko‘proq chiqmoqda. Shuning uchun davlat OTMga kirish nuqtayi nazaridan aytamanki, biz imtiyozlarni umuman reviziya qilishimiz kerak.

Imtiyoz berishning ma’lum bir g‘oyasi bo‘lishi kerak. Umuman berilmasin deyish ham o‘ta noto‘g‘ri talab deb o‘ylayman. 40 dan ortiq imtiyoz bor, hammasini bekor qilaylik deyish ham biroz noto‘g‘ri talab bo‘ladi. Chunki uning orasida xalqaro fan olimpiadalarida medal olganlar bo‘ladi. Buni bekor qilish noto‘g‘ri, chunki butun dunyo tan olgan narsani biz tan olmasligimiz aqlga sig‘maydi. Chunki men 100 foiz ishonamanki, bizni qabul qiluvchilar, test tuzuvchilar xalqaro fan olimpiadasini savol tuzuvchilari, baholovchilaridan darajasi ortiq emas, qaysidir bolaning bilimli yoki bilimsiz ekanini ulardan ortiq baholab berolmaydi. Men shunga ishonaman, shuning uchun aytamanki, nima uchun uni qayta baholashimiz kerak?

Yoki IELTS'dan 7-8 ball olganlarga maksimal ball berish ko‘rinishidagi imtiyoz bor. Men ham yana gapiraman, DTMning British Council kabi xalqaro til bilish darajasini obektiv baholashiga ishonmayman. Ya’ni British Council’ni ustun ko‘raman. Yoki aytaylik, inklyuziv ta’lim nuqtayi nazaridan nogironligi shaxslar uchun beriladigan imtiyozni yoqlayman.

Mana shu holatda hammasini bekor qilish – populistik talab. Mohiyatiga qarab, bizda g‘oya bo‘lishi kerak. Imtiyozni kim uchun beryapmiz va bundan ko‘zlanayotgan maqsad nima? Nima plyus va minuslari bor? Biz bu borada ko‘p ham tahlil qilmaymiz-da, qaysidir bir sohani rivojlantirish kerak bo‘lsa, shu borada qandaydir prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qarori tayyorlanayotgan bo‘lsa, aytaylik, uzumchilik sohasini rivojlantirish uchun nima qilish kerak, deyishsa, uzumchilarning farzandlariga kirish imtihonlarida imtiyoz berishimiz kerak deymiz. Bo‘ldi, shu bilan ketdi, uning uzumchilik sohasini rivojlantirishga nima aloqasi bor, qanday korrelyatsiya bor, necha yildan keyin rivojlanadi, mantiqli yoki mantiqsizmi, umumiy g‘oyaga to‘g‘ri keladimi, o‘ylamaymiz. Juda ko‘p imtiyozlar mana shu ko‘rinishda chiqib ketib qolgan, afsuski. Buni qayta ko‘rib chiqishimiz zarur.

– Yaqinda maksimal ball to‘plab kontraktda o‘qiyotgan talabalar masalasi ko‘tarildi. Bu borada ham fikringizni bildirib o‘ta olasizmi, o‘zi aslida maksimal ball olib kontraktga tushgani adolatsizlik edi, oxirida faqat ulargagina prezident granti ajratilgani adolatlilik prinsipiga to‘g‘ri keladimi?

Xushnudbek Xudoyberdiyev: Ko‘pchilik bu narsani biroz noto‘g‘ri tushungan bo‘lishi mumkin. Buning ham sababi bor, bunda ularni ayblamayman. Prezident grantlari uchun tegishli qaror e’lon qilinganda, faqat 6 kishining familiyasi berilgandi, shuning uchun ko‘plab odamlar faqat 6 nafar talabaga grant berildi, qolganlarga berilmadi deb o‘ylashdi. Yo‘q, aslida prezident granti o‘tgan yildan boshlab berilayotgan tizim hisoblanadi. Eng yuqori ball olgan 200 nafar talabaga beriladi, ma’lum bir sohalar kesimida kvotasi bo‘ladi, shu kvota doirasida o‘tish balli belgilanadi. Ijtimoiy soha, aniq fanlar, yurisprudensiya kabi yo‘nalishlar bo‘ladi – umuman shu yo‘nalishlarda eng yuqori ball olgan 200 nafar abituriyentga beriladi deyiladi. Lekin 2 yildan buyon bu grant 200 nafardan ham ko‘proq nomzodlarga berilmoqda. Nimaga? Chunki bir qoida bor, agar oxirgi kvotadagi abituriyent bilan teng ball nechta bo‘lsa, shularning hammasiga beriladi.

Misol uchun, 2022 yilda prezident granti 260 nafarga yaqin talabaga berilgan. Chunki 60 ga yaqin abituriyentlar oxirgi bilan bir xil ball to‘plagani uchun ular ham grant oladigan bo‘lyapti.

Endi hozirgi holatda 200 nafardan ortiq abituriyentga prezident granti berildi va ko‘p muhokama bo‘lgani uchun shu jumladan, mana shu 6 nafar talabaga ham grant berildi deb xabar qilindi. Chunki 189 ball olib kontraktga tushganlar soni 6 nafar edi, ya’ni boshqa yo‘nalishlarda bunday holat kuzatilgani yo‘q. Atigi 1,1 ball bilan bittagina savolni xato ishlab 187,9 ball olib, kontraktga tushganlar ham bor. Yoki shunday yo‘nalishlar bo‘lishi mumkin, o‘zi umuman grant kvotasi yo‘q. U yerda ham 189 ball olib kontraktga tushganlar bo‘lishi mumkin, buni hali tekshirganim yo‘q. Nimaga, chunki u yerda o‘zi grant yo‘q. Lekin grant bo‘la turib, maksimal ball bilan kontraktga tushganlar soni 6 nafar edi.

Oddiygina mantiqni ishlatsak, grantda bittagina o‘rin bo‘lsa ham, 189 ball olib, kontraktga tushish ehtimoli yo‘q, bu nolga teng. Nimaga, chunki yana bir qoida bor. Ya’ni agarda bittagina grant o‘rni bor, ammo maksimal ball to‘plaganlar 6 nafar desak, ularning hammasi grantga kiradi, qoida shunday. O‘tish ballini bir xil to‘plaganlar qo‘shimcha ravishda qabul qilinadi. Agar grant uchun hujjat topshirilgan yo‘nalishda kvota bo‘lsa, maksimal ball olib kontraktga tushish umuman mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Xulosa shuki, faqat 6 nafar bola grantga o‘tkazilgani yo‘q, 200 nafardan ziyod talabaga prezident granti berildi. Bu yerda o‘zi noto‘g‘ri joyi ham bor, shu 200 nafardan ziyodining 80 foizi shundoq ham grantga kirgan abituriyentlar edi, ularga prezident granti shart emasdi. Bu grant keyinchalik faqat qimmatlashtirilgan stipendiya olishga yordam beradi xolos. Lekin budjetga o‘tkazib qo‘yildi degan holatlar faqat bitta-ikkita vaziyatlarda bo‘ldi.

Ana endi “Temurbeklar maktabi” bitiruvchilariga berilgan imtiyoz bo‘yicha gapirsam, bu bilan bog‘liq vaziyatda yechim berilmagan. Mandat chiqqanida ham aytgandim, kimlardir bu yerda chiqib olib aqllilik qiladi, ya’ni “biz bularga prezident grantini beramiz, bu yeridan xavotir olmanglar”, deyishi mumkin. Lekin buni ham mantiqan olib qarasak, prezident granti berilganida uning ichida 189 ball bo‘lishi 100 foiz aniq edi. Boshqacha ehtimoli yo‘q. JIDUda 187,9 ball olgan, ya’ni majburiy fandan atigi bittagina savolni xato ishlab qo‘ygan qizlar bor, ular 4 nafar edi. Yigitlar ham bor, lekin o‘sha yigitlarda nazariy jihatdan ehtimoli bor ediki, ular ham “Temurbeklar maktabi”ga borib, imtiyoz olishi mumkin edi. Shuning uchun bu vaziyatda ko‘proq qizlarga e’tibor qaratdim. Bu yerda aniq jinsiy diskriminatsiya bor edi. O‘sha bechora qizlar atigi bitta xato qilgani evaziga kontraktda o‘qiydi, bu – prezident granti vaziyat uchun yechim emasligining yana bir isboti. Balki ular ham prezident grantiga o‘tgan bo‘lishi mumkin, men adashayotgandirman, buni ko‘rish kerak. Lekin baribir bu oqibatlar bilan kurashish bo‘ldi, sabablar bilan emas.

Endi “Temurbeklar maktabi”ga berilgan imtiyozning o‘zi haqida. Biz juda ham bir ajoyib odammiz. Masalan, yog‘ qiziyotgan vaqtda yonib ketsa, unga suv quyish mumkin emas. Suv quysangiz, reaksiyaga kirishib, dahshatliroq darajada yong‘in bo‘ladi. Bir marta yog‘ qizitayotgan odam yonib ketgan vaqtda suv quysa, yonib ketganini ko‘rsa, ikkinchi safarga bu xatoni takrorlamaydi. Faqat ahmoq odam suv quyishi mumkin. Bizda “Temurbeklar maktabi”ga berilgan qo‘shimcha ball ko‘rinishidagi imtiyoz avval harbiy tavsiyanoma olgan abituriyentlarga beriladigan imtiyoz bilan bir xil ko‘rinishda davom etdi. Keyin biz bu masalani ko‘p marotaba ko‘tardik, oxiri hukumatning kallasi ishlab qolib, qo‘shimcha ball berish imtiyozini bekor qilib, alohida kvotada kurashish uchun sharoit yaratdi. Bunga nisbatan chidasa bo‘ladi, ammo buni ham muhokama qiladigan jihatlari bor. Lekin oradan vaqt o‘tib xuddi shunday ko‘rinishdagi imtiyozni harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga chiqarib berishdi.

·       Intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov.
Montaj ustasi Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid