Maksimal ball to‘plaganiga qaramay, kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan yoshlar shov-shuv ko‘tarilishi ortidan grantda o‘qiydigan bo‘ldi, lekin bu muammo ildizi bilan hal etildi degani emas.

Bu voqea misolida ijtimoiy tarmoqlarda ta’limdagi ijtimoiy adolat masalasi muhokama markaziga chiqdi. Xo‘sh, aslida ta’limda ijtimoiy adolat qanday bo‘ladi, uning maqsad-vazifalari nimalardan iborat, bu borada O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi qanchalik adolatli?

Mavzu atrofidagi savollarni tahlil qilish maqsadida Kun.uz oliy ta’lim mutaxassisi Azamat Akbarov va huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev bilan suhbatlashdi.

– Dastlab, suhbatning asosiy qismiga o‘tishdan oldin ijtimoiy adolat tushunchasiga ta’rif bersak. Aslida ijtimoiy adolat nima, ta’limda tenglik bo‘lishi qanchalik ahamiyatli, sizningcha?

Azamat Akbarov: Odatda xalq va davlat o‘rtasidagi kelishuv paydo bo‘lganidan keyin davlatga adolatni himoya qilish vazifasi yuklatiladi. Bu – adolatning huquqiy tomonlari. Qaysidir jamiyatda tenglikka putur yetadigan bo‘lsa, demakki, huquqiy normalar ishlamayapti.

Siz kimgadir so‘z berib, uni bajarmasangiz, bu adolatning axloqiy normasiga, ijtimoiy tengsizlikka ham kiradi. Turli xil davlatlarda ijtimoiy tengsizlik sabab insonlar har xil ko‘rinishda o‘z fikrlarini bildirishgan. Ya’ni jamiyatdagi adolatning poydevorlariga zarba beriladigan bo‘lsa, bu yerda, albatta, insonlar o‘zining noroziligini bildiradi.

Imkonlar va daromadlar... Imkonlar har bir jamiyatda teng tarqatilishi lozim. Buni boshqacha aytganda, “contributive” adolat, ya’ni hissa qo‘shgan holda bo‘lishi mumkin. Qolaversa, imkonlar deyilganda, yaxshi yashash, sifatli tibbiyotdan foydalanish, inson o‘zining iqtidorini rivojlantirishi, o‘zi istagan ishga kirib ishlashi yoki bilim olishini keltirsa bo‘ladi. Menimcha, bu imkoniyatlar davlatlarda teng tarqatilishi kerak.

Ba’zi daromadlar insonning salohiyati, jamiyatga qo‘shadigan hissasidan kelib chiqqan holda rag‘batlantirish sanaladi. Masalan, qaysidir olim o‘z vaqtida qilgan kashfiyoti, yozgan maqolasi uchun rag‘batlantirish, moddiy pul ololmaydigan bo‘lsa, o‘z ustida ishlamaydi. Maktab o‘quvchilari ham shunday. Kimdir yaxshi o‘qigani uchun 11-sinfdan keyin oltin medal yoki boshqa narsa beriladi. Ya’ni davlatda mana shu imkoniyatlar va daromadlar masalasida qandaydir bir suiiste’mollikka boriladigan bo‘lsa, u yerda, albatta, mexanizmlar buzilishni boshlaydi.