Jahon | 08:51 / 02.10.2023
9970
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: Turkiya endi YeIga qo‘shilish bo‘yicha shartlarni qabul qilmaydi

Turkiya prezidenti uzoq vaqt davomida Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga arizasi haqida eslamagandi, lekin Shvetsiyaning NATOga arizasi kontekstida yana bu haqda gapira boshladi.

Foto: REUTERS

Turkiya bundan buyon Bryusseldan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish uchun shart va talablarni qabul qilmaydi, dedi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 1 oktyabr, yakshanba kuni Turkiya parlamentidagi chiqishi chog‘ida.

«Biz Yevropa Ittifoqi tomoniga berilgan barcha va’dalarni bajardik, biroq ular deyarli hech birini bajarmadi», — deya Erdo‘g‘anning so‘zlarini keltiradi AFP. Anqara «qo‘shilish jarayonida hech qanday yangi talab yoki shartlarni qabul qilmaydi», dedi Erdo‘g‘an. «Turkiya bizni 40 yildan beri o‘z darvozasida kuttirib turgan Yevropa Ittifoqidan boshqa hech narsa kutmaydi», - deya qo‘shimcha qildi u.

Erdo‘g‘an: Bryussel Turkiyaga talab qo‘ya olmaydi 

Erdo‘g‘anning so‘zlariga ko‘ra, agar Yevropa Ittifoqi turk fuqarolariga nisbatan «viza rejimi kabi adolatsizlikni» tuzatmasa, Bryussel endi Turkiyaga siyosiy, iqtisodiy va harbiy talablar qo‘yishga haqli bo‘lmaydi. «Agar Yevropa Ittifoqi faqat qog‘ozda mavjud bo‘lgan qo‘shilish jarayonini yakunlash niyatida bo‘lsa, bu uning qarori», — dedi Erdo‘g‘an. 

Turkiya 1999 yilda Yevropa Ittifoqiga kirish uchun ariza bergan. 2005 yilda boshlangan qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar 2016 yil oxiridan boshlab to‘xtatilgan. Reuters agentligining qayd etishicha, uzoq vaqt davomida Erdo‘g‘an a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni faollashtirishga qiziqish bildirmagan, biroq 2023 yilda u Turkiya parlamenti Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lish haqidagi arizasini ma’qullagunga qadar Bryussel Anqara uchun Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lini ochishi kerakligini aytgan. 

Mavzuga oid