Jahon | 18:22 / 02.10.2023
12350
2 daqiqa o‘qiladi

Gabon prezidentining xotiniga pul yuvish bo‘yicha ayblov e’lon qilindi

Gabon prezidenti lavozimidan ag‘darilishi ortidan avvaliga uning o‘g‘li, endi esa rafiqasiga nisbatan korrupsion jinoiy ayblovlar qo‘yilmoqda.

Ali Bongo Ondimba (chapda) rafiqasi Silvia Bongo Ondimba bilan Gabon poytaxti Librevilldagi stadionda. 2023 yil 10 iyul / Foto: Steeve Jordan / AFP

Hokimiyatdan ag‘darilgan Gabon prezidenti Ali Bongo Ondimbaning xotiniga pul yuvish va boshqa jinoiy ayblovlar qo‘yilmoqda. Bu haqda mas’ul prokuror ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Al-Jazira”.

Ali Bongo 30 avgust kungi harbiy to‘ntarishda hokimiyatdan ag‘darilgan, uning rafiqasi Silvia Bongo Ondimba o‘shandan buyon mamlakat poytaxtida uy qamog‘ida saqlanayotgandi.

Prokuror Andre Patrik Roponatning mamlakat televideniyesida ma’lum qilishicha, 28 sentabr kuni sobiq birinchi xonimga nisbatan tergov sudyasi tomonidan ayblov e’lon qilingan.

Avvalroq uning to‘ng‘ich o‘g‘li Nuriddin Bongoga nisbatan ham jinoiy ayblovlar qo‘yilgan. U sobiq hukumatning bir nechta a’zolari va ikki nafar sobiq vazir bilan birgalikda korrupsiya va davlat mablag‘larini talon-toroj qilishda ayblanyapti.

Hokimiyatdan ag‘darilgan prezident Ali Bongo 2009 yildan buyon lavozimda edi. U davlat rahbarligini mamlakatni 42 yil boshqarib, 2009 yilda vafot etgan otasidan qabul qilib olgan. 2023 yil avgust oyidagi harbiy to‘ntarish navbatdagi prezidentlik savlovidan keyin ro‘y berdi. Isyonchilarga ko‘ra, saylov adolatsiz o‘tgan, hukumat esa korrupsiya botqog‘ida.

Mavzuga oid