Jahon | 00:09 / 03.10.2023
9893
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh hozir Ukrainaga faqat favqulodda yordam ko‘rsatishi mumkin – Oq uy

Amerika hukumatini moliyalashtirish loyihasini qabul qilish bilan bog‘liq muammolar zamirida Ukrainaga yordam masalasida qisqa muddatli qiyinchiliklar yuzaga keldi.

Foto: Reuters

Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Piyer so‘zlariga ko‘ra, hozir AQSh hukumatni moliyalashtirish loyihasini qabul qilishdagi qiyinchiliklar fonida Ukrainaga faqat qisqa muddatli yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

«Bizda Ukrainaning jang maydonidagi faqat shoshilinch ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli mablag‘ bor — qisqa vaqt shunday bo‘lib turadi, bu uzoq muddatli variant emas», dedi Jan-Piyer.

Oq uy vakilining qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaga PDA (Presidential Drawdown Authority) mexanizmi orqali ajratilgan mablag‘lar miqdori haqida aniq ma’lumotni Pentagondan olish mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar yaqin orada Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam paketini taqdim etadi.

30 sentabr kuni Qo‘shma Shtatlarda hukumatni moliyalashtirishning vaqtinchalik loyihasi qabul qilindi, unda Ukrainaga moliyaviy yordam nazarda tutilmagan.

AQSh Kongressi Vakillar palatasidagi demokratik ozchilik yetakchisi Hakim Jyeffris Ukrainaga pul ajratish masalasi 2 oktyabr kuniyoq ko‘rib chiqilishi mumkinligini aytdi.

Avvalroq Bloomberg manbalari AQSh prezidenti Jozef Bayden yaqin orada ittifoqchilarga qo‘ng‘iroq qilib, Vashington Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirishga tayyorligini ishontirishi haqida xabar bergan edi.

Mavzuga oid