Jahon | 23:08 / 03.10.2023
13358
2 daqiqa o‘qiladi

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ning uch nafar sobiq prezidenti qo‘lga olindi

Ular jinoyat ishi doirasida hibsga olinib, Bokuga yetkazildi. 

Ozarboyjon Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining sobiq prezidentlari Arkadiy Gukasyan, Bako Saakyan va Araik Arutyunyanni qo‘lga oldi. 

Ular bilan birga respublika parlamentining sobiq spikeri David Ishxanyan ham hibsga olingan. Ularga nisbatan jinoyat ishi ochilgan va barchasi Bokuga olib ketilgan. Tergov qaysi moddalar bo‘yicha olib borilayotganiga aniqlik kiritilmagan. 

Arkadiy Gukasyan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining ikkinchi prezidenti bo‘lib, uni 1997 yildan 2007 yilgacha boshqargan. Uchinchi prezident Bako Saakyan 2007 yildan 2020 yilgacha tan olinmagan «Arsax»ni boshqargan. Araik Arutyunyan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasini 2020 yilning mayidan 2023 yilning 1 sentabriga qadar boshqargan. 

19 sentabr kuni Ozarboyjon Qorabog‘da harbiy operatsiya boshladi, shundan so‘ng tan olinmagan respublika 2024 yil 1 yanvardan o‘z faoliyatini yakunlashini e’lon qildi. 100 mingdan ortiq armanlar hududni tark etib, Armanistonga o‘tdi. 

27 sentabr kuni tan olinmagan respublika hukumatining sobiq rahbari, tadbirkor Ruben Vardanyan Qorabog‘dan chiqib ketmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi. Ertasi kuni u bir qancha jinoyatlarda, jumladan, terrorizmni moliyalashtirish, noqonuniy qurolli guruhlar tuzish va faoliyatida ishtirok etishda ayblandi. 

29 sentabr kuni Ozarboyjon hukumati Tog‘li Qorabog‘ armiyasining sobiq qo‘mondoni Levon Mnatsakanyanni, shuningdek, tan olinmagan respublika sobiq tashqi ishlar vaziri, prezident maslahatchisi David Babayanni ham hibsga olgan edi.

Mavzuga oid